Jahon | 10:25
1390
4 daqiqa o‘qiladi

“Oltin globus-2026”: g‘oliblar e’lon qilindi

Los-Anjyelesda “Oltin globus” mukofotini topshirishning 83- marosimi bo‘lib o‘tdi. Rejissyor Pol Tomas Anderson “Jang ortidan jang” filmi uchun bir nechta mukofotga sazovor bo‘ldi.

Stellan Skarsgard Foto: Reuters

Britaniyalik aktyor, 16 yoshli Ouen Kuper “O‘tish yoshi” (Adolescence) mini-serialidagi roli uchun “teleformatda ijro etilgan eng yaxshi ikkinchi plandagi erkak roli” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Bu haqda yakshanba, 11 yanvar kuni Kaliforniya shtati, Los-Anjyeles okrugidagi Beverli-Xillzda bo‘lib o‘tgan “Oltin globus”ning 83-marosimida e’lon qilindi.

Ushbu ish “eng yaxshi mini-serial” deb ham topildi. “O‘tish yoshi”da ota rolini ijro etgan Stiven Grem mini-serialdagi “eng yaxshi aktyor” mukofotini qo‘lga kiritdi. U, shuningdek, ssenariy mualliflaridan biri ham hisoblanadi.

Mini-serialdagi “eng yaxshi aktrisa” — Mishel Uilyams. U ko‘krak saratoni tashxisi qo‘yilgan ayol obrazini ijro etgan.

Amerikalik rejissyor Pol Tomas Anderson Leonardo Di Kaprio bosh rolni o‘ynagan “Jang ortidan jang” (One Battle After Another) filmi uchun “eng yaxshi rejissyorlik” va “eng yaxshi ssenariy” nominatsiyalarida “Oltin globus”ni qo‘lga kiritdi. Kartina so‘l radikal ekstremist guruhning sobiq a’zosi haqida hikoya qiladi.

“Kinofilmdagi eng yaxshi ikkinchi plandagi erkak roli” nominatsiyasi g‘olibi — “Sentimental qiymat” (Affeksjonsverdi) filmida suratga tushgan Stellan Skarsgard. Kartina bir paytlar mashhur bo‘lgan kinorejissyor va uning katta yoshli qizlari bilan munosabatlari haqida.

Shu kabi “ayollar” nominatsiyasida esa “Jang ortidan jang” filmi uchun aktrisa Tiyana Teylor “Oltin globus”ga loyiq ko‘rildi.

“Eng yaxshi animatsion film” deb “Key-pop: iblis ovchilari” (KPop Demon Hunters) e’tirof etildi. Lenta Huntrix nomli ayollar key-pop guruhi haqida: uning ishtirokchilari ovozlari orqali odamlarni himoya qiladi.

Beverli-Xillzdagi marosimda “eng yaxshi komediya seriali” deb “Kinostudiya” (The Studio) tan olindi. “Komediya serialdagi eng yaxshi aktyor va aktrisa” nominatsiyalarida Set Rogen (“Kinostudiya”) va Jin Smart (“Hiylalar”, Hacks) mukofotlandi.

“Kinostudiya” Continental Studios haqida bo‘lib, u yerda superqahramonlar haqidagi filmni suratga olishga urinishadi. “Hiylalar” esa Las-Vegasdagi komediant ayol — Debora Vens taqdiri haqida.

“The Pitt” (“Pitt”) “eng yaxshi dramatik serial” sifatida “Oltin globus”ga sazovor bo‘ldi. Unda Pitsburgdagi tez yordam bo‘limi shifokorlarining kundalik hayoti tasvirlanadi.

“Dramatik serialdagi eng yaxshi erkak roli” va “dramatik serialdagi eng yaxshi ayol roli” nominatsiyalarida Noa Uayli (“Pitt”) va Rey Sixorn (“Ko‘plardan biri”, Pluribus) mukofot oldi.

“Oltin globus” — Hollivudda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy jurnalistlar assotsiatsiyasi har yili taqdim etadigan mukofot bo‘lib, AQShda nufuzi jihatidan faqat “Oskar”dan keyin turadi. Mukofot 20 dan ortiq nominatsiyada topshiriladi. U 1943 yil oktyabrda ta’sis etilgan, ilk taqdirlash marosimi 1944 yil yanvarda bo‘lib o‘tgan.

An’anaga ko‘ra, “Oltin globus”ni olgan film va seriallarga “Oskar”ning asosiy da’vogarlari sifatida qaraladi. Bu yil “Oskar” 15 mart kuni topshiriladi.

Mavzuga oid