Jahon | 16:14
1645
3 daqiqa o‘qiladi

Oslo aeroporti dron sabab uchish-qo‘nish yo‘lagini vaqtincha yopdi

Noma’lum dron Gardermuen aeroporti yaqinida ko‘ringani uchun sharqiy uchish-qo‘nish yo‘lagi yopildi. Politsiya dron operatorini ham, dronning o‘zini ham topa olmadi.

Foto: REUTERS

Norvegiyaning eng yirik havo darvozasi — Oslo yaqinidagi Gardermuen aeroporti parvozlar taqiqlangan hududda ko‘ringan uchuvchisiz uchish apparati (dron) sababli uchish-qo‘nish yo‘laklaridan birini vaqtincha yopdi. Bu haqda NRK mediakompaniyasi yakshanba, 11 yanvar kuni o‘z saytida xabar berdi.

Qayd etilishicha, dron 10 yanvar kuni kunduzi aeroport yaqinida qayd etilgan va bu haqda politsiya xabardor qilingan. Politsiya xodimlari dronni boshqargan operatorni aniqlashga uringan, ammo bu urinishlar samara bermagan. NRK xabar qilishicha, dron ham yo‘qotilgan, shundan so‘ng hodisani joyida tergov qilish to‘xtatilgan.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan aeroport rahbariyati sharqiy uchish-qo‘nish yo‘lagini vaqtincha yopdi, deb ma’lum qildi aeroport matbuot kotibi Karoline Pedersen. Barcha uchish va qo‘nishlar g‘arbiy yo‘lakka yo‘naltirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda havo harakati juda faol bo‘lgani uchun hodisa kichik kechikishlarga sabab bo‘lgan.

TV2 telekanali ma’lumotiga ko‘ra, 10 yanvar kuni soat taxminan 14:30 da uchish-qo‘nish yo‘lagi yana ishga tushirilgan.

2025 yil kuzi boshidan buyon Yevropa bir qator mamlakatlari aeroportlari ishi ular yonida noma’lum dronlar paydo bo‘lishi sabab izdan chiqib kelmoqda. Xususan, so‘nggi oylarda dronlar Daniyadagi aeroportlar ustida, Shvetsiyaning eng yirik harbiy-dengiz bazasi joylashgan Karlskruna atrofida, shuningdek Oslodagi harbiy obektlar ustida ko‘rilgan. Belgiyada esa dronlar nafaqat aeroportlar, balki NATO bazasi ustida ham uchgan.

Germaniyada dronlar mamlakatning eng yirik aeroportlari — Frankfurt-Mayn, Myunxen hamda Hannover aeroporti ishida uzilishlarga olib kelgan. Shuningdek, dronlar mamlakat shimolidagi Kil shahri ustida ham ko‘rilgan.

Ayrim kuzatuvchilar bu kabi hodisalarni Rossiyaning G‘arbga qarshi gibrid hujumlari turi deb hisoblaydi. Biroq Yevropada dronlar uchirilishiga Moskva aloqador ekaniga dalillar yo‘q. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bunday ayblovlarni oldin ham rad etgan va Yevropa shaharlarida Rossiya dronlari uchun nishonlar yo‘qligini aytgan.

Mavzuga oid