Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shvetsiya havo hujumidan mudofaaga 15 mlrd krona ajratadi
15 mlrd krona Shvetsiyaning jangovar bo‘linmalari, safarbarlik salohiyati, shaharlari va fuqarolik infratuzilmasini - ko‘priklar, temiryo‘l hamda muhim obektlarni himoya qilishga yo‘naltiriladi.
Shvetsiya hukumati qurolli kuchlarning havo hujumidan mudofaa (HHM) sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirishga qaror qildi — bu maqsadlar uchun qo‘shimcha ravishda 15 mlrd krona (1,4 mlrd yevro) ajratiladi. Bu haqda Shvetsiya Mudofaa vazirligi yakshanba, 11 yanvar kuni ma’lum qildi.
Gap jangovar bo‘linmalarni, safarbarlik salohiyatini, shaharlar va fuqarolik infratuzilmasini — jumladan, ko‘priklar, temiryo‘l, shuningdek, atom va gidroelektrostansiyalar kabi muhim obektlarni himoya qilish haqida ketmoqda. Ilgari esa asosiy e’tibor harbiy qismlar va harbiy infratuzilmani muhofaza qilishga qaratilgan edi.
“Ukraina tajribasi ishonchli havo hujumidan mudofaa qanchalik muhim ekanini ko‘rsatmoqda”, — deyildi mudofaa idorasida. “Bu — insonlar hayotini, erkinligimizni va mamlakatning barcha hududlarida hujumlarga qarshi tura olish qobiliyatimizni himoya qilish demak”, — dedi Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson.
Mudofaa vaziri Pol Yonsonning qo‘shimcha qilishicha, ushbu choralar hujum qilish uchun “chegara”ni oshiradi, mudofaa qobiliyatini mustahkamlaydi va NATO doirasida tiyib turishga xizmat qiladi.
Moliyalashtirish, xususan, dronlarga qarshi kurash vositalariga va shved korvetlarini HHM tizimlari bilan jihozlashga yo‘naltiriladi.
AFP agentligi eslatishicha, noyabr oyida Shvetsiya taxminan 317 mln yevro qiymatida Iris-T havodan mudofaa tizimlarini xarid qilish niyatini bildirgan edi. 2024 yilda Shvetsiya NATOga a’zo bo‘ldi.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte 2025 yil 15 oktyabr kuni Shimoliy Atlantika alyansi “dronlar hujumlarini qaytarish imkoniyatlarini kengaytirish va tezlashtirishga qaratilgan qo‘shimcha choralarni joriy etishini” aytgan. Ryutte, jumladan, alyansning sharqiy sarhadlarida havodagi tahdidlarni “aniqlash, kuzatish va neytrallashtirish”ga qodir “integratsiyalashgan tizimlar” sinovdan o‘tkazilayotganini ta’kidlagan. Bu choralar 2025 yil sentabrida Rossiya dronlari Polsha havo hududini buzganidan keyin ishga tushirilgan Eastern Sentry tashabbusining bir qismi hisoblanadi.
O‘z navbatida, Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Germaniya NATOning sharqiy qanotida havo hududini kuzatishga qo‘shadigan hissasini oshirishini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
08:22 / 05.06.2026
Qaysi davlatlar mudofaa uchun eng ko‘p mablag‘ ajratyapti?
09:05 / 29.05.2026
Shvetsiya Ukrainaga Gripen qiruvchi samolyotlarini beradi
10:03 / 13.05.2026
Shvetsiyadan 20 nafar O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi
08:28 / 24.04.2026