Jahon | 09:00
724
4 daqiqa o‘qiladi

Iran Human Righs: Erondagi namoyishlarda kamida 648 kishi halok bo‘lgan

Norvegiyada joylashgan Iran Human Righs huquqni himoya qilish tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Erondagi namoyishlar vaqtida halok bo‘lganlar soni 648 nafarga yetgan. Ayrim baholarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 6000 nafardan ham oshib ketgan.

Foto: MAHSA/Middle East Images/AFP via Getty Images

Norvegiyada joylashgan Iran Human Righs (IHR) huquqni himoya qilish tashkilotining dolzarb ma’lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni, 12 yanvar holatiga, Eron hokimiyati mamlakatdagi namoyishlarni bostirish jarayonida kamida 648 nafar odamni o‘ldirgan, ular orasida to‘qqiz nafar voyaga yetmagan ham bor. Biroq, ayrim baholarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 6000 nafardan oshadi, deb aniqlik kiritdi Norvegiyada joylashgan IHR. Eronda internet taxminan 100 soatdan beri bloklangani sabab “bu xabarlarni mustaqil ravishda tekshirish nihoyatda qiyin”, deya ta’kidladi huquq himoyachilari. Ularning baholashicha, taxminan 10 000 kishi hibsga olingan.

Eron davlat ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, 12 yanvar kuni Tehronda minglab eronliklar hukumatning qarshi namoyishlariga qo‘shilgan. Davlat telekanali mamlakat poytaxti markazidagi maydonda to‘plangan odamlarni ko‘rsatgan — ularning ko‘pchiligi Islom Respublikasi bayroqlarini silkitib turgan. Kadrlarga ko‘ra, hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi shunday mitinglar mamlakatning boshqa shaharlarida ham o‘tkazilgan. Oxirgi kunlar davomida OAV xavfsizlik kuchlari xodimlaridan o‘nlab kishi halok bo‘lgani haqida ham xabar bergan.

Bir kun oldin IHR namoyishlar davomida kamida 192 kishi o‘ldirilganini ma’lum qilgan edi. O‘z navbatida, AQShda joylashgan HRANA huquqni himoya qilish tarmog‘i o‘sha kuni qurbonlar sonini 538 nafar deb baholagan.

8 yanvardan beri Islom Respublikasidan axborot oqimi hokimiyat joriy etgan internetning to‘liq bloklanishi sabab keskin cheklangan. 11 yanvar kuni DW jurnalisti Nilufar Golamiy xabar berishicha, mamlakatdan kelayotgan ma’lumotlarni kuzatib borishga faqat Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqasi orqali erishilmoqda. Uning aniqlashicha, o‘sha kuni Eron hokimiyati birinchi marta havodan kuzatish orqali namoyishchilarning shaxsini aniqlash imkonini beruvchi patrul dronlaridan ham foydalangan.

Golamiyning so‘zlariga ko‘ra, kuch ishlatuvchi tuzilmalar harakatlari tobora qat’iylashmoqda, chunki bu namoyishlar Erondagi oldingi mitinglardan keskin farq qiladi. DW jurnalisti ma’lumotlariga ko‘ra, hatto kasalxonalar ham odamlar uchun xavfsiz emas. “Yaradorlarni kuch tuzilmalari tomonidan o‘g‘irlab ketish xavfi juda yuqori. Ko‘p hollarda ular o‘ldirilganlarning jasadlarini oilalariga qaytarishdan bosh tortyapti”, — deb xabar beradi Golamiy.

Eron rahbariyatiga qarshi har kuni o‘tayotgan ommaviy namoyishlar 2025 yil 28 dekabrda boshlangan. Eron xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga nisbatan qattiq choralar ko‘rayotganiga qaramay, Tehron va mamlakatning boshqa yirik shaharlari ko‘chalariga ko‘p minglab namoyishchilar chiqqan. Namoyishchilar qozon-tovoqlarga urib, “Xomaneiyga o‘lim” degan shiorlarni aytgan, murojaatlarini Eronning oliy rahbari — oyatulloh Ali Xomaneiyga qaratgan, avtomobil haydovchilari esa qo‘llab-quvvatlash belgisi sifatida signal chalgan.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) 10 yanvar kuni namoyishlarni bostirish bilan tahdid qilgan. Davlat xavfsizligini ta’minlash Eron harbiylari uchun “qizil chiziq” hisoblanadi, shuning uchun “armiya kuch qo‘llash orqali milliy manfaatlarni, mamlakatning strategik infratuzilmasini va jamoat mulkini himoya qiladi”, — dedi IIMK rahbari davlat telekanali efirida.

Mavzuga oid