Jahon | 16:35 / 13.01.2026
2979
3 daqiqa o‘qiladi

Kiprda “Uralkaliy” sobiq rahbari Vladislav Baumgertner bedarak yo‘qoldi

Rossiyalik biznesmen 7 yanvar kunidan beri aloqaga chiqmayapti. Uning mobil telefoni signali oxirgi marta Limassol yaqinidagi qoyali sohil hududida qayd etilgan. Politsiya qidiruv operatsiyasini davom ettirmoqda.

Foto: STR/NurPhoto/IMAGO

Kiprda Rossiyalik biznesmen va “Uralkaliy” kompaniyasining sobiq rahbari Vladislav Baumgertner yo‘qolgani haqida mamlakat politsiyasi dushanba kuni, 12 yanvarda xabar qildi. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, Baumgertner 7 yanvardan beri Limassoldagi uyida ko‘rinmagan. Philenews nashri yozishicha, Rossiyalik biznesmenning xodimi u qo‘ng‘iroqlarga javob bermay qo‘yganidan keyin Baumgertnerning yo‘qolgani haqida xabar bergan.

Baumgertnerning mobil telefoni signali oxirgi marta Pissuri qishlog‘i atrofidagi tik, qoyali sohil hududida qayd etilgan. 10 yanvar kuni politsiya, qutqaruvchilar guruhlari va ko‘ngillilar ushbu o‘tish qiyin bo‘lgan hududda bedarak yo‘qolgan biznesmenni qidirish operatsiyasini boshlagan. Ertasi kuni operatsiyaga dronlar va mahalliy aviatsiya kuchlari ham jalb qilingan. Politsiya ma’lum qilishicha, rossiyalikni qidirish ishlari 12 yanvar kuni ham davom ettirildi.

53 yoshli biznesmen “Uralkaliy”ni 2003–2013 yillarda boshqargan. 2013 yil avgust oyida Baumgertner Minskda, o‘sha paytdagi Belarus bosh vaziri Mixail Myasnikovich bilan muzokaralar chog‘ida qo‘lga olingan va vakolatni suiiste’mol qilishda ayblangan. Belarus tergov hibsxonasida uch oy saqlanganidan keyin Baumgertner Rossiyaga topshirilgan. Oxirgi yillarda biznesmen Kiprda yashagan va Global Pors port kompaniyasini boshqargan. 2023 yilda u “Sollers” avtomobil kompaniyasi direktorlar kengashiga ham kirgan.

Shu orada, Kiprning ANT1 telekanali xabar berishicha, 8 yanvar kuni Nikosiyada RF TIVning yuqori lavozimli xodimlaridan biri o‘z xizmat kabinetida o‘lik holda topilgan. Uning ismi oshkor qilinmayapti. Jurnalistlar ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya elchixonasi xodimining o‘limi haqida Kipr hokimiyatiga jasad topilganidan bir necha soat o‘tibgina xabar bergan.

ANT1’ning ma’lum qilishicha, diplomatik vakolatxona politsiyaga elchixona xodimi o‘z joniga qasd qilgani va vasiyatnoma qoldirganini aytgan. Bundan tashqari, politsiya xodimlarini Rossiya elchixonasi binosiga kiritishmagan. Marhumning jasadi ularga elchixona hovlisida topshirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid