Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Biz AQShni emas, Daniyani tanlaymiz» – Grenlandiya bosh vaziri
Grenlandiya bosh vaziri agar «shu yerda va hozir» tanlov qilish kerak bo‘lsa, uning xalqi AQShni emas, Daniyani tanlashini aytdi. Yyens-Frederik Nilsenning Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen bilan qo‘shma matbuot anjumanidagi bayonoti AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani anneksiya qilish rejasiga qaytganidan beri orol rasmiylarining eng keskin bayonoti bo‘ldi.
Foto: Reuters
Tramp AQSh orolni Rossiya va Xitoydan himoya qilish uchun Grenlandiyaga «egalik qilishi» kerakligini aytmoqda. Oq uydagilar orolni sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqishmoqda, ammo kuch ishlatgan holda anneksiya qilish varianti ham istisno qilinmaydi.
Daniya AQShning NATO bo‘yicha ittifoqchisi sanaladi va bosh vazir Mette Frederiksen Vashington harbiy kuch ishlatishi – Transatlantika mudofaa alyansi tugashini anglatishidan ogohlantirgan.
Daniya poytaxti Kopenhagenda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen formulirovkani yumshatib o‘tirmadi va «eng yaqin ittifoqchining mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan bosimi»ni qoraladi.
U «ko‘p narsa eng qiyinlari hali oldinda ekanini ko‘rsatayotani»ni qo‘shimcha qilgan.
Grenlandiya bosh vaziri Yyens-Frederik Nilsen mamlakat «geosiyosiy inqirozga duch kelgani», ammo orolning pozitsiyasi aniqligini ma’lum qilgan: «Agar biz shu yerda va hozir Qo‘shma Shtatlar va Daniya o‘rtasida tanlov qilishimiz kerak bo‘lsa, biz Daniyani tanlaymiz».
«Bitta narsa barchaga ayon bo‘lishi kerak. Grenlandiya Qo‘shma Shtatlarga tegishli bo‘lishni xohlamaydi. Grenlandiya Qo‘shma Shtatlar tomonidan boshqarilishni istamaydi. Grenlandiya Qo‘shma Shtatlar tarkibiga kirishni istamaydi».
Kopenhagendagi matbuot anjumani Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen va uning grenlandiyalik hamkasbi Vivian Motsfeldt AQShga borishidan bir kun oldin o‘tkazildi, ular Vashingtonda vitse-prezident Jyey Di Vens hamda davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashishni rejalashtirishgan.
Rossiya va Xitoydan himoya?
Grenlandiya dunyodagi aholi eng siyrak yashovchi hudud hisoblanadi. Shimoliy Amerika va Arktika o‘rtasida joylashgani tufayli orol raketa hujumlari ro‘y bergan taqdirda erta ogohlantirish tizimlarini joylashtirish, shuningdek, mintaqadagi kemalar qatnovini kuzatish uchun o‘ta qulay joy hisoblanadi.
Tramp bir necha marta Grenlandiya AQSh milliy xavfsizligi uchun juda muhim ahamiyatga egaligini aytgan va hech qanday dalil keltirmagan holda bu hudud «tom ma’noda Rossiya va Xitoy kemalari bilan to‘lib-toshgani»ni aytgan.
AQSh Grenlandiyaning shimoli-g‘arbiy chekkasidagi Pituffik bazasida 100 dan ortiq harbiyni joylashtirgan. Bu baza Ikkinchi jahon urushi davridan buyon AQSh tomonidan boshqariladi.
Daniya bilan amaldagi kelishuvga muvofiq, AQSh Grenlandiya hududiga istalgancha qo‘shin joylashtirishi mumkin.
Biroq o‘tgan haftada Tramp Vashingtonda jurnalistlarga ijara kelishuvi yetarli emasligini – AQSh orolga «egalik qilishi» lozimligini aytib, NATOdan «buni to‘g‘ri qabul qilish»ni so‘ragan.
NATO bo‘yicha ittifoqchilar – Yevropaning yetakchi davlatlari, shuningdek, Kanada bu hafta Kopenhagenni qo‘llab-quvvatlab, «o‘zaro munosabatlarga oid masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish huquqi faqat Daniya va Grenlandiyaning o‘zidaligi»ni bildirishdi.
Ittifoqchilar Arktikada xavfsizlikni ta’minlashdan AQSh kabi manfaatdor ekanliklarini ta’kidlab, bu barcha hamkorlar, jumladan, Qo‘shma Shtatlar tomonidan «kollektiv» ta’minlanishi kerakligini ma’lum qilishdi.
Ular, shuningdek, «BMT Nizomi tamoyillariga, jumladan suverenitet, hududiy yaxlitlik va chegaralarning daxlsizligiga rioya qilish»ga chaqirgan.
Mavzuga oid
20:56
Tramp ma’muriyati Grenlandiyani 700 milliard dollarga sotib olmoqchi
22:45 / 13.01.2026
«Yordam allaqachon yo‘lda». Tramp eronliklarga murojaat qildi
22:32 / 13.01.2026
AQSh Kongressiga Grenlandiyani qo‘shib olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritildi
17:05 / 13.01.2026