Jahon | 22:51 / 14.01.2026
4704
2 daqiqa o‘qiladi

Daniya Grenlandiyaga ilg‘or harbiy bo‘linmalarni yuboradi

Grenlandiya va Daniya rasmiylari orolda harbiy ishtirokni kengaytirish, shuningdek, 2026 yil davomida ittifoqchilar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishni davom ettirmoqchi.

Foto: AP

Daniya Grenlandiyaga harbiy xizmatchilarni ko‘chirishni boshladi, shundan so‘ng NATO ittifoqchilarining kuchlari orolga yo‘naltirilishi kutilmoqda, deb xabar berdi Euractiv portali.

«Daniya DR teleradiokompaniyasi xabariga ko‘ra, Daniya qurolli kuchlarining ilg‘or bo‘linmasi allaqachon Grenlandiyaga yetib bordi va yirik bo‘linmalarni joylashtirish uchun zamin tayyorlaydi», deyiladi xabarda.

Nashrning qayd etishicha, Grenlandiya va Daniya rasmiylari orolda harbiy ishtirokni kengaytirish, shuningdek, 2026 yil davomida ittifoqchilar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishni davom ettirishni e’lon qilgan.

«Grenlandiya aholisi ko‘proq harbiy samolyotlar, qo‘shinlar va kemalarni, shu jumladan NATO ittifoqchilarini ko‘rishga tayyor bo‘lishi kerak», deb portal Grenlandiya hukumati saytida e’lon qilingan bayonotidan iqtibos keltirdi.

Yanvar oyi boshida AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington u yoki bu yo‘l bilan Grenlandiya ustidan nazoratni qo‘lga olishini aytgandi.

«Agar buni yaxshi yo‘l bilan amalga oshirish mumkin bo‘lsa, juda yaxshi. Agar yo‘q bo‘lsa, demak, biz buni qattiqroq usulda amalga oshiramiz», dedi u.

Shuningdek, Tramp Daniya tomonidan Grenlandiya qanday himoya qilinayotganini ham istehzo bilan gapirdi.

«Yaqinda Daniya Grenlandiyada xavfsizlikni kuchaytirish uchun nima qilganini bilasizmi? Yana bitta itlar chanasini qo‘shdi. Bu haqiqat. Ular buni ajoyib yurish deb hisoblaydi...», dedi Tramp jurnalistlarga.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid