Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarishning klaster tizimi joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirish va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda 2026-2030 yillarda ba’zi shahar va tumanlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarishning klaster tizimini huquqiy eksperiment sifatida joriy etish taklif qilindi.
Taqdimotda qayd etilganidek, bugungi kunda 44 mingdan ziyod ko‘p kvartirali uyda 7,1 million nafar aholi istiqomat qiladi. Ularga 900 dan ortiq boshqaruv servis kompaniyasi va 200 dan ortiq shirkat xizmat qiladi. Shuningdek, 856 ta uyda o‘zini-o‘zi boshqarish tizimi joriy etilgan.
Ta’kidlanishicha, boshqaruv kompaniyalarning aksariyati majburiy badal hisobidan faoliyat yuritmoqda, ularning faoliyatiga investitsiya kiritishga tayyor tadbirkorlar kam. Shuningdek, ekspertlarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, yirik shahar va viloyat markazlarida boshqaruv servis kompaniyalarining yashirin daromadlari rasmiy tushumlardan kamida ikki barobar ko‘p. Bularning barchasi sohaga daromad keltiradigan yangi model ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan 2026-2030 yillarda ba’zi shahar va tumanlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarishning klaster tizimini huquqiy eksperiment sifatida joriy etish taklif qilindi.
Eksperiment doirasida uylar holati tahlil qilinib, “yashil, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi, kamida 7 ming xonadondan iborat lotlar shakllantiriladi hamda 5 yillik rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi. Lotlar va master-rejalar tuman kengashlari tomonidan tasdiqlanadi, boshqaruvchi tashkilotlar esa “Mening uyim” tizimi orqali mulkdorlar tomonidan ovoz berish yo‘li bilan tanlanadi.
Boshqaruvchi tashkilotlar uchun minimal moliyaviy va tashkiliy talablar, jumladan, o‘z mablag‘i, moddiy-texnik baza, 24/7 dispetcherlik xizmati mavjud bo‘lishi kabi shartlar belgilanadi. Shu bilan birga, qo‘shimcha daromad manbalari sifatida maishiy xizmat markazlarini tashkil etish, yengil konstruksiyali qurilmalarni barpo etish va ulardan uzoq muddatli foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.
Majburiy badallar hamda boshqaruvchi tashkilotlarning xizmatlardan tushadigan barcha qo‘shimcha daromadlari faqat “Mening uyim” billing tizimi orqali hisobga olinadi. Ushbu tartibga rioya etmasdan badallar hisobini yuritish buxgalteriya hisobi va hisobot talablarini buzish hisoblanadi.
Umumiy mol-mulkni ijaraga yoki tekin foydalanishga berish bo‘yicha shartnomalar soliq organlarida majburiy tarzda hisobga qo‘yiladi. Belgilangan tartib buzilgan taqdirda, boshqaruvchi tashkilot elektron reyestrdan chiqarib tashlanadi. “Mening uyim” axborot tizimi orqali umumiy yig‘ilishni tashabbus qilish, muhokama o‘tkazish, qaror qabul qilish, shartnoma tuzish, hisobot taqdim etish hamda murojaatlarni yuborish va ko‘rib chiqish imkoniyatlari to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.

Agar har chorak yakuni bo‘yicha “Mening uyim” tizimiga hisobot ma’lumotlari kiritilmasa, keyingi oylar uchun majburiy badallarni hisoblash ma’lumotlar kiritilgunga qadar vaqtincha to‘xtatiladi va orqaga qayta hisob-kitob qilinmaydi. Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarning texnik holati, yer uchastkalari, energiya va suv iste’moli bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “Turar-joy” milliy axborot tizimi bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.
Ko‘p kvartirali uyni foydalanishga qabul qilishda kadastr pasporti rasmiylashtirilib, u “Turar-joy” tizimida avtomatik aks etishi, o‘rnatilgan quyosh panellari esa umumiy mol-mulk sifatida boshqarish organiga topshirilishi shart etib belgilandi. Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda, uy foydalanishga qabul qilinmaydi.
Yana bir masala – sohani raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish. Avvalo, boshqaruv servis kompaniyalarining dispetcherlik xizmatlarida sun’iy intellekt asosida ishlaydigan tizimlar joriy qilinishi, murojaatlar bilan ishlash va xizmat ko‘rsatish tezligi oshirilishi kerakligi qayd etildi.
2026–2030 yillarda sohadagi institutsional islohotlarni davom ettirib, hokimliklar huzurida uy-joy kommunal sohani nazorat qiluvchi hududiy inspeksiyalar tashkil etish, ularning budjetdan tashqari jamg‘armalarini shakllantirish, hokimning uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini joriy etish taklif qilindi.
Davlat rahbari mutasaddilarga qisqa muddatda sohaning investitsiya jozibadorligini oshirish, uy-joy mulkdorlari va boshqaruv servis kompaniyalari uchun birdek manfaatli, iqtisodiy jihatdan barqaror va shaffof tizim yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
10:45 / 12.05.2026
Fermerlar uchun dizel yonilg‘isi bo‘yicha subsidiya joriy etildi
09:57 / 12.05.2026
Paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarga yangi moliyaviy imtiyozlar beriladi
07:25 / 08.05.2026
Ko‘chmas mulk xaridorlarini avvalgi egasining qarzidan himoya qilish taklif etildi
11:12 / 21.04.2026