Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bloomberg: Trampning maxsus vakillari Putin bilan uchrashishi mumkin
Bloomberg manbalarga tayanib xabar berishicha, AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff hamda uning kuyovi Jared Kushner Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazish uchun Moskvaga safari ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Aytilishicha, uchrashuv yanvar oyidayoq bo‘lishi mumkin, ammo qaror hali yakuniy emas.
Foto: Imago
AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga borish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi 14 yanvar, chorshanba kuni vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar berdi.
Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, uchrashuv shu oyning o‘zida bo‘lib o‘tishi mumkin, biroq rejalar hali yakuniy emas. Muddatlar Eron atrofidagi beqaror vaziyat sabab o‘zgarishiga bog‘liq.
Reuters bu ma’lumotni tezkor tasdiqlay olmagan. Oq uy izoh so‘roviga javob bermagan, ammo AQSh ma’muriyati vakillaridan biri Bloomberg’ga hozircha hech qanday uchrashuv rasman rejalashtirilmaganini aytgan.
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Uitkoff va Kushner Putin va uning atrofidagi shaxslarga Ukraina bo‘yicha tinchlik takliflarining yangilangan (eng so‘nggi) variantini taqdim etmoqchi. Kutilishicha, muzokaralarda ehtimoliy kelishuvni ta’minlash uchun AQSh va Yevropa tomonidan xavfsizlik kafolatlari, shuningdek, urushdan keyin Ukraina tiklanishi masalalari muhokama qilinadi.
Bu xabar Trampning oy boshida Putin pozitsiyasidan ochiq norozilik bildirgani haqidagi bayonotlardan keyin paydo bo‘ldi: u Ukrainadagi urush davom etayotganidan ranjiganini aytgan va avval mojaroni yakunlashni oson vazifa deb o‘ylaganini yana bir bor ta’kidlagan.
Uitkoff va Kushner dekabr boshida ham Moskvaga kelib, Putin bilan muzokaralar o‘tkazgan. O‘shanda Putin uchrashuvni zarur va foydali deb atagan, ammo AQSh tomonidan taklif qilingan urushni to‘xtatish rejasida Rossiya rozi bo‘lmaydigan ayrim bandlar borligini bildirgan.
Yanvar boshida Parijda Ukraina, uning yevropalik ittifoqchilari va AQSh ishtirokida sammit bo‘lib o‘tgan. Unda urushdan keyin Kiyev uchun ehtimoliy xavfsizlik kafolatlari muhokama qilingan. Sammit doirasida Ukraina delegatsiyasi AQSh tomoni bilan alohida muzokaralar ham o‘tkazgan — jumladan Zaporijjya AES va Donbassning kelajak maqomi masalalari yuzasidan.
Le Monde gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, sammit kunlari Parijda Kremlning maxsus vakili Kirill Dmitriyev ham bo‘lgan. Axios esa u Kushner va Uitkoff bilan uchrashuvlar o‘tkazganini xabar qilgan.