Jahon | 21:04 / 15.01.2026
3264
3 daqiqa o‘qiladi

Eronda norozilik namoyishlari so‘ngani qayd etildi - OAV

Yangi namoyishlar qayd etilmayapti. Huquq himoyachilari bu jiddiy aloqa cheklovlari, jumladan, telefon tarmog‘idagi uzilishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini tan olmoqda.

Foto: Getty images

Eronda minglab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan namoyishlarning shafqatsizlarcha bostirilishi mamlakatning ayrim hududlarida namoyishlarning so‘nishiga olib keldi, deb yozdi The Wall Street Journal.

Human Righs Activiss in Iran tashkiloti 14 yanvar kuni tekshirishga muvaffaq bo‘lgan yangi norozilik namoyishlari soni nolga tushib qolganini ma’lum qildi. Huquq himoyachilari bu jiddiy aloqa cheklovlari, jumladan, telefon tarmog‘idagi uzilishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini tan oldi. Guruh ma’lumotlariga ko‘ra, 2600 nafardan ortiq odam halok bo‘lgani va 18 mingdan ortiq odam hibsga olingani tasdiqlangan. Nashr bilan suhbatlashgan Yevropa va Yaqin Sharq rasmiylari ham norozilik faolligi pasaygani haqida gapirmoqda.

Qayd etilishicha, sakkizinchi kun davom etayotgan internet o‘chirilishi butun mamlakat bo‘ylab davom etayotgan norozilik namoyishlari ko‘lamini aniqlashni juda qiyinlashtiradi. Ayrim eronliklarning aytishicha, ayrim hududlarda «dahshatli» sukunat hukm surmoqda - odamlar uydan chiqishga qo‘rqmoqda.

Xalqaro inqiroz guruhi tahlilchisi Ali Voiz sukunat sababini quyidagicha izohladi: «Rejim qonli hammom uyushtirdi. Ular mislsiz kuch bilan temir mushtini tushirdi. Bu namoyishchilar orasida tiyib turuvchi ta’sir ko‘rsatadi».

WSJ bilan suhbatlashgan ekspertlarning fikricha, sukunat, katta ehtimol bilan, vaqtinchalik xarakterga ega, chunki eronliklarning hokimiyatga qarshi g‘azabi yuqoriligicha qolmoqda, hukumatning esa ommaviy norozilik asosida yotgan iqtisodiy muammolarni hal qilish yo‘llari kam. Tehronliklardan birining aytishicha, u 8 yanvar kuni poytaxtda keng ko‘lamli namoyishlar boshlanganida namoyishlarga qo‘shilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar shimolidagi Punak tumanida ko‘chalarda shiorlar aytib yurgan yuzlab odamlar bo‘lgan, biroq dushanba kuni Tehron «jimlikka cho‘kdi». Chorshanba kuni kechqurun ko‘chalar sokin edi, garchi bu hafta shaharning ayrim qismlarida kichik to‘qnashuvlar sodir bo‘lsa-da.

Erondagi namoyishlarda halok bo‘lganlar va hibsga olinganlarning soni rasman e’lon qilinmadi. Hukumat tartibsizlar AQSh va Isroil tomonidan uyushtirilganini ta’kidlab kelmoqda.

Mavzuga oid