Jamiyat | 22:20 / 15.01.2026
2603
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 5-sinf o‘quvchisi B2 sertifikatini qo‘lga kiritdi

Navoiy shahridagi 22-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Islombek Mansurov birinchi urinishdayoq ushbu natijani qayd etdi.

Navoiy shahridagi 22-umumta’lim maktabining 5-sinf o‘quvchisi Islombek Mansurov chet tilini bilish darajasi bo‘yicha B2 sertifikatni qo‘lga kiritdi. Bu yosh jihatdan Navoiy viloyatida eng yaxshi natijalardan biri bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, Islombek Mansurov pedagoglar oilasining to‘ng‘ich farzandi. Uning otasi Dilshod Mansurov Navoiy davlat universiteti dotsenti bo‘lsa, onasi Shohista Turdiyeva maktabda matematika fani o‘qituvchisi.

Ikki o‘g‘lim bor, Islombek to‘ng‘ich farzandimiz. Yoshligidan internetdagi turli o‘yinlar va bilim olishga ixtisoslashgan dasturlarni ingliz tilida ko‘rardi. Hozirda YouTube’da o‘zi kanal ochib, ingliz tilida yuritmoqda”, deydi Dilshod Mansurov.

Islombek ushbu natijani birinchi urinishdayoq qo‘lga kiritgan.

Maktabimizda sertifikat olgan o‘quvchilar ko‘p. Ammo Islombek maktabimiz tarixida chet tilini bilish darajasi bo‘yicha B2 sertifikatini qo‘lga kiritgan eng yosh o‘quvchi bo‘ldi. Ingliz tili ustozi Alisher Xudoyorov ham yosh pedagog, ancha tirishqoq. Albatta, ushbu natija bilan to‘xtab qolmaymiz”, deydi Navoiy shahridagi 22-umumta’lim maktabi direktori Feruza Fayziyeva.

Navoiy viloyatida 11 yoshli o‘quvchi B2 sertifikatini qo‘lga kiritishi bundan 2 yil oldin ham kuzatilgandi. O‘shanda Xatirchi tumanidagi 22-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Zarina Muxiddinova bu natijani qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, OTMga o‘qishga kirishda chet tilidan B2 sertifikati bor abituriyentga maksimal ball beriladi

Mavzuga oid