Texnologiya | 17:12
1194
3 daqiqa o‘qiladi

Oyda mehmonxona qurish rejasi qanchalik real?

AQShdagi GRU Space startapi Oyda birinchi mehmonxona qurish g‘oyasini ochiq e’lon qildi va hatto joylarni oldindan band qilishni boshladi. Bu g‘oya ilmiy fantastikaga o‘xshaydi, lekin ortida aniq rejalar va investitsiyalar bor.

Foto: GRU

GRU Space rejasiga ko‘ra, Oyda to‘rt kishilik kichik mehmonxona 2032 yilga borib ishga tushadi. Hoziroq ishtirok etishni istaganlar uchun navbat ochilgan. Depozit miqdori 250 ming dollardan 1 million dollargacha yetadi. Bu pul mehmonxonaga kirish kafolati emas, balki birinchi Oyga uchadigan sayyohlar orasida ustunlik olish imkoniyati.

Mehmonxona eng qiziq jihati bilan ajralib turadi. U Yerdan olib borilgan materiallardan emas, balki Oyning o‘zidagi tuproqdan quriladi. Oy changi maxsus texnologiya orqali qurilish uchun mos g‘ishtga aylantiriladi. Bu transport xarajatlarini keskin kamaytiradi. Bino dizayni esa San-Fransiskodagi Palace of Fine Ars uslubida bo‘ladi. Klassik ustunlar va katta ayvonlar Oy yuzida paydo bo‘ladi.

Foto: Palace of fine ars

Loyiha ortida muhandis Skayler Chan turibdi. U Kaliforniya universiteti bitiruvchisi bo‘lib, g‘oyani avval yolg‘iz ishlab chiqqan. Keyin u sarmoya topgan va mashhur Y Combinator akseleratoridan o‘tgan. Bu aynan Airbnb va Dropbox kabi startaplarni dunyoga olib chiqqan tizim.

2029 yilga borib GRU Space Oyga birinchi sinov yuklarini yuborishni rejalashtiryapti. U yerda shishiriladigan modullar, havo bosimi, kislorod, harorat va quyosh panellari tekshiriladi. Shuningdek, Oy changi qanday qilib qurilish materiallariga aylanishini amalda ko‘rishadi.

Foto: GRU 2

Keyingi bosqichda esa kattaroq modul Oy ichidagi tabiiy g‘orga o‘rnatiladi. Bunday joy radiatsiyadan va keskin issiq-sovuqdan yaxshi himoya qiladi. Shu bilan odamlar uchun xavfsiz yashash muhiti yaratiladi.

GRU Space bu loyihani faqat boylar uchun ekzotik sayohat deb hisoblamaydi. Ular buni Oyda doimiy inson mavjudligi uchun birinchi qadam deb ko‘radi. Bugun mehmonxona, ertaga ilmiy baza, keyin esa Oyda kichik shaharchalar paydo bo‘lishi mumkin.

Qiziq tomoni shundaki, bunday shishiriladigan modullar ilgari NASA tomonidan Xalqaro kosmik stansiyada sinovdan o‘tgan. BEAM nomli modul bir necha yil ishlagan va metall konstruksiyalarga qaraganda yengilroq va chidamliroq bo‘lib chiqqan. Kosmosda har bir kilogramm yuk juda qimmat bo‘lgani uchun bu texnologiya juda muhim.

Oydagi mehmonxona g‘oyasi bugun g‘alati tuyulishi mumkin. Lekin bir necha o‘n yildan keyin Oyga borish samolyotga chiqishdek oddiy ishga aylanishi ehtimoldan xoli emas.

Texnologiyalar tez o‘zgarayotgan bugungi kunda eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lish muhim. Raqamli dunyoda adashib qolmaslik va shunday yangiliklarni birinchilardan bilish uchun KUN.UZ Texnologiya Telegram sahifasini kuzatib boring.

Mavzuga oid