Jahon | 10:28 / 15.01.2026
1656
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada harbiy holat va umumiy safarbarlik 4 maygacha uzaytirildi

Ukraina Oliy radasi 14 yanvar kuni mamlakatdagi harbiy holat va umumiy safarbarlikni yana 90 kunga uzaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihalarini qabul qildi. Hujjatlarni prezident Volodimir Zelenskiy kiritgan.

Foto: Global Look Press/Serhii Hudak

Ukraina Oliy radasi 14 yanvar, chorshanba kuni mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik muddatini 90 kunga uzaytirish haqidagi qonun loyihalarini qabul qildi. Qonun loyihalarini Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy parlamentga kiritgan.

Shunday qilib, Ukrainadagi harbiy holat rejimi 3 fevraldan 4 maygacha uzaytirildi. Ushbu qonun loyihasini 330 nafar xalq deputati qo‘llab-quvvatladi (eng kami 226 ovoz talab etiladi). Yana 312 ovoz bilan Ukraina parlamenti umumiy safarbarlik muddatini ham 90 kunga uzaytirdi.

2025 yil dekabr oyi oxirida prezident Zelenskiy Rossiya bilan urush Ukraina xavfsizlik kafolatlarini olmaguncha tugamasligini, shuning uchun o‘sha paytgacha harbiy holat ham bekor qilinmasligini aytgan edi.

Ukrainada harbiy holat Rossiyaning 2022 yil fevralda mamlakatga to‘liq ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri amal qilib kelmoqda. O‘sha paytda Volodimir Zelenskiy fuqarolar umumiy safarbarligi haqidagi qonunni ham imzolagan. 2025 yil avgustda Ukraina hukumati 18–22 yoshdagilarga mamlakatdan chiqib ketishga ruxsat bergan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid