Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: AQSh aviatashuvchi guruhini Yaqin Sharqqa yo‘naltirdi
AQSh Eronga nisbatan mamlakat prezidenti Donald Tramp ritorikasi keskinlashgani fonida Yaqin Sharqdagi harbiy ishtirokini oshirmoqda. The New York Times gazetasi va Axios yangiliklar portali payshanba kuni, 15 yanvarda xabar berishicha, hududga Janubiy Xitoy dengizida joylashgan USS Abraham Lincoln aviatashuvchisi, shuningdek, uni kuzatib boruvchi boshqa kemalar ko‘chirilmoqda.
Foto: IMAGO/piemags
Ularning Yaqin Sharqqa yetib borishi taxminan bir hafta vaqt olishi kutilmoqda. NYT ma’lumotiga ko‘ra, u yerga qo‘shimcha qurol-yarog‘ va harbiy texnika ham yetkazilmoqda.
Pentagon hozircha aviatashuvchi guruhining Yaqin Sharqqa ko‘chirilayotganini rasman tasdiqlagani yo‘q.
Nyu-Yorkdagi BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida AQSh doimiy vakili Mayk Uols Eronga nisbatan Tramp “qonli qirg‘inni to‘xtatish” uchun barcha variantlarni ko‘rib chiqayotganini aytib, harbiy keskinlashuv ehtimolini tilga oldi. U bu bilan Eron hokimiyatining namoyishlarni qattiqqo‘llik bilan bostirishini nazarda tutdi. “Prezident Tramp — cheksiz gap-so‘zlarni emas, amaliy ishni tanlaydigan odam”, — dedi Uols.
Avvalroq Donald Tramp Eronda davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlariga izoh berib, namoyishchilarni davlat muassasalarini egallashga va “qotillar hamda zo‘ravonlarning ismlarini” yodda saqlab qolishga chaqirgan. “Yordam allaqachon yo‘lga chiqqan”, — dedi Oq uy rahbari. Shuningdek, AQSh prezidenti Vashington Tehronga nisbatan bir nechta “juda qattiq” harakat variantlarini ko‘rib chiqayotganini aytgan.
Eronda hukumatga qarshi namoyishlar 2025 yil 28 dekabrdan beri davom etmoqda. Avvaliga mamlakat aholisi milliy valuta qadrsizlanishi fonidagi moliyaviy inqirozga qarshi chiqqan, ammo tez orada ishtirokchilarning iqtisodiy talablari siyosiy talablarga aylangan.
Noroziliklar mamlakatning 25 ta viloyatidagi 60 dan ortiq shaharni qamrab olgan. Eng yirik aksiyalar Tehronda, shuningdek, Eronning g‘arbi va janubi-g‘arbidagi Malekshaxi, Kermanshax, Lordegan shaharlarida bo‘lib o‘tgan. Hokimiyatlar chiqishlarni bostirishni boshlagan, biroq sodir bo‘layotgan voqealar haqida ishonchli ma’lumotlar kam — bir necha kundan beri mamlakatda internet ishlamayapti. Norvegiyada joylashgan Iran Human Righs (IHR) huquqni himoya qilish tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, namoyishlar davomida kamida 3428 kishi halok bo‘lgan, 10 mingdan ortiq odam ushlangan.
Mavzuga oid
16:57
“AQShning Eronga dushmanligi eng avj nuqtasiga chiqdi” – Eronning O‘zbekistondagi elchisi bilan suhbat
09:50
AQSh Venesuelaning oltinchi tankerini qo‘lga oldi
09:35
Tramp G‘azo sektorida “Tinchlik kengashi” tuzilganini e’lon qildi
09:09