Jamiyat | 11:11
1181
2 daqiqa o‘qiladi

Kitob o‘qigan mahkumlarning jazo muddati qisqartirilishi mumkin

Yangi qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Yangi normalarga ko‘ra, belgilangan ro‘yxatdagi kitoblarni o‘qigani tasdiqlangan ayrim mahkumlarga jazoni o‘tash muddatini qisqartirish imkoniyati yaratilmoqda. 

Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, Jinoyat kodeksining 73-moddasi 4-qismida ko‘rsatilgan shaxslarga (umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilganlar bundan mustasno) ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tash davrida tayinlangan jazo muddatini qisqartirish mumkin bo‘ladi

Buning uchun mahkumda to‘g‘ri ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qigani tasdiqlanishi shart. 

Qoidalarga ko‘ra:

  • har bir o‘qilgan kitob uchun jazo muddati 3 kunga qisqartirilishi mumkin;
  • biroq 1 yilda ko‘pi bilan 30 kungacha qisqartirishga yo‘l qo‘yiladi. 

Kitob o‘qiganlik faktini aniqlash mahkumning muassasa ma’muriyatiga bergan arizasi asosida, jazoni ijro etish muassasasi xodimlari hamda jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Komissiya yig‘ilishi yiliga kamida 2 marta o‘tkazilishi belgilangan. 

Imtihon (baholash) natijalariga ko‘ra komissiya mahkumning kitob o‘qiganligi faktini tasdiqlash haqida xulosa qabul qiladi. Xulosaning ko‘chirma nusxasi prokurorga yuborilib, mahkumga imzo qo‘ydirgan holda topshiriladi, himoyachiga esa so‘roviga ko‘ra berilishi qayd etilgan. 

Shundan so‘ng, xulosa qabul qilinganda muassasa ma’muriyati sudga jazo muddatini qisqartirish to‘g‘risida taqdimnoma yuboradi. Yakuniy qaror esa sud tomonidan qabul qilinadi. 

Mavzuga oid