O‘zbekiston | 18:59
3156
4 daqiqa o‘qiladi

Sanoat korxonalarini poytaxtdan tashqariga ko‘chirish boshlandi

Ekologiya qo‘mitasi bitta sanoat korxonasini poytaxt hududidan tashqariga ko‘chirish yiliga 226 tonnadan ortiq tashlamani qisqartirish imkonini berishini qayd etgan.

Foto: O‘zikkilamchiranglimetall AJ

Toshkent shahrining Yangihayot tumanida ikkilamchi rangli metallarni yig‘ish, qayta ishlash va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «O‘zikkilamchiranglimetall» («O‘zvtorsvetmet») korxonasi atrof-muhitga salbiy ta’sirning oldini olish maqsadida Jizzax viloyatidagi sanoat zonasiga ko‘chiriladigan bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida"gi 16-sonli farmoniga muvofiq, mamlakatda ekologik jihatdan xavfli va energiya sarfi yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish hamda ularni bosqichma-bosqich shaharlar tashqarisiga ko‘chirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bir sanoat korxonasini poytaxt hududidan tashqariga ko‘chirish yiliga 226 tonnadan ortiq tashlamani qisqartirish imkonini beradi.

Mazkur hujjatda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda Toshkent va Nukus shaharlari, shuningdek, viloyat markazlaridan asbest va sement sanoati, charm-poyabzal hamda parrandachilik ishlab chiqarishlari, qora va rangli metallurgiya, shuningdek, energiya iste’moli yuqori bo‘lgan boshqa tarmoqlarga mansub korxonalarni ko‘chirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Xususan, Toshkent shahrida faoliyati ushbu talablarga mos keladigan 87 ta korxona mavjud bo‘lib, ularni ko‘chirish mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va texnologik jarayonlarni zamonaviy ekologik standartlarga muvofiqlashtirish sharti bilan bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan», – deyiladi qo‘mita matbuot xizmati xabarida.

Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Maxsus komissiya tomonidan sanoat obektlarida doimiy ravishda reyd tekshiruvlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, Toshkent shahrining Yangihayot tumani Janubiy sanoat zonasida ikkilamchi rangli metallarni yig‘ish, qayta ishlash va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «O‘zikkilamchiranglimetall» AJ faoliyati tekshirildi. Mazkur korxona ekologik xavflilikning 1-toifasiga mansub obekt hisoblanadi.

2025 yil oktyabr oyida o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, atrof-muhitni ifloslantirish holatlari aniqlangan. Korxonaga majburiy ko‘rsatma berilib, yetkazilgan ekologik zarar uchun 18 milliard 91 million 717 ming 137 so‘m miqdorida kompensatsiya hisoblangan.

Maxsus komissiya qarori hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ko‘rsatmalariga asosan, atrof-muhitga salbiy ta’sirning oldini olish maqsadida korxona Jizzax viloyatidagi sanoat zonasiga ko‘chiriladi va Yangihayot tumani hududida ishlab chiqarish faoliyatini to‘xtatadi.

Kompensatsiya to‘lovlari bo‘yicha berilgan imtiyozlar hisobidan eskirgan va ekologik jihatdan zararli eritish pechlari utilizatsiya qilinadi hamda korxona faoliyatini zamonaviy ekologik talablarga to‘liq javob beradigan, texnologik jihatdan takomillashgan uskunalarda davom ettiradi.

«Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida yiliga o‘rtacha 226,7 tonna zararli moddalar atmosferaga chiqarilishining oldi olinishi kutilmoqda. Bu esa Toshkent shahrining Yangihayot tumanida havo sifatining sezilarli darajada yaxshilanishiga xizmat qiladi», –deyilgan qo‘mita xabarida.

Mavzuga oid