Jahon | 18:39 / 19.01.2026
3720
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Iroqdan qo‘shinlarini olib chiqish jarayonini yakunladi

IShID guruhiga qarshi Vashington boshchiligidagi koalitsiya harbiy obektlarni, jumladan, Birlashgan operativ qo‘mondonlik shtabini to‘liq Iroq xavfsizlik kuchlari nazoratiga topshirdi.

Foto: US Army

AQSh Iroq hududidagi obektlardan harbiylarni olib chiqishni yakunladi, Iroq Kurdistoni yarim avtonom mintaqasi bundan mustasno, deb xabar berdi Iroq Mudofaa vazirligi. AQSh Qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi CNN telekanaliga Iroq idorasining xabarini tasdiqladi.

Iroq Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 18 yanvar kuni AQSh harbiy maslahatchilarining so‘nggi guruhi mamlakat g‘arbidagi Anbar viloyatidagi AQSh qo‘shinlari 20 yildan ortiq vaqt davomida bo‘lgan «Ayn al-Asad» aviabazasini tark etgan. IShID guruhiga qarshi Vashington boshchiligidagi koalitsiya harbiy obektlarni, jumladan, Birlashgan operativ qo‘mondonlik shtabini to‘liq Iroq xavfsizlik kuchlari nazoratiga topshirdi.

Iroq Kurdistonida joylashgan Erbil viloyatidagi «Al-Harir» aviabazasida Amerika harbiylari qoldi. Bu mintaqa o‘z hokimiyati va xavfsizlik kuchlariga ega bo‘lgan avtonom federal tuzilma bo‘lib, Iroq markaziy hukumati uning ustidan cheklangan nazoratga ega.

Iroqdagi AQSh qo‘shinlari soni 2003 yildan beri o‘zgarib turdi. Eng yuqori cho‘qqisida u 170 ming kishiga yetdi. 2011 yilda qo‘shinlar olib chiqildi, biroq 2014 yilda 5 mingga yaqin harbiy xizmatchi Bag‘dodning iltimosiga binoan terrorchi tuzilmalarga qarshi kurashda yordam berish uchun yana mamlakatga kiritildi. 2021 yil dekabr oyidan beri, jangovar missiya yakunlangani e’lon qilinganidan so‘ng, Iroqda 2,5 mingga yaqin amerikalik askar qolgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid