Sport | 11:31
8404
6 daqiqa o‘qiladi

Finalda drama. Senegal maydonni tashlab ketdi, lekin qaytib chempionga aylandi

Afrika kubogi finali dramatik voqealarga boy bo‘ldi: Marokash o‘z uyida chempionlikni nishonlashi mumkin edi, ammo so‘nggi daqiqalarda Braim Dias penaltidan gol urolmadi uning «panenka» uslubidagi zarbasidan keyin darvozabon osonlik bilan to‘pni egallab oldi. Overtaymda esa senegalliklar g‘alaba golini urishdi.

Foto: Getty Images

Senegal – Afrika chempioni! Va bu aql bovar qilmas finalda ro‘y berdi. Senegalliklar o‘yin oxirida hakam qaroridan norozi bo‘lib, maydonni tashlab ketishdi, ammo Sadio Manening iltimosi bilan qaytishdi – va Eduard Mendi panenka uslubidagi penaltini qaytardi. Keyin esa Senegal overtaymda gol urib, sovrinni qo‘lga kiritdi.

Senegal – Marokash 1:0
Gol:
Guyye, 94 (1:0)
Aniq ijro etilmagan penalti: Dias, 90+24’
Senegal: E. Mendi, M. Sarr, Niakate, Diuf (Yakobs, 106), A. Mendi (Sek, 77), Gana Guyye, Guyye, Kamara (I. Sarr, 77), Mane, I. Ndiay (Mbay, 77), Jyekson (Sh. Ndiay, 90)
Marokash: Bunu, Agerd, Masina (Al-Yamiq, 89), Mazraviy (Igaman, 98), Hakimi, Al-Aynaviy, Saybari (Salohiddin, 90+4), Al-Hannus (Targallin, 80), Azzalzuliy, Dias (Ahomash, 98), Al-Kaabi (An-Nosiriy, 80)
Ogohlantirishlar: Kamara, 24. I. Sarr, 90. Diuf, 90. E. Mendi, 90. M. Sarr, 113 – Salohiddin, 90. An-Nosiriy, 112

Senegalliklar bahsli penaltiga chiday olishmadi. Faqat Mane o‘ynashda davom etishga undadi va uning sa’y-harakatlari bekor ketmadi!

Bosh hakam ikkinchi bo‘limga roppa-rosa sakkiz daqiqa qo‘shib berdi, amalda esa qo‘shimcha daqiqalar uzoq davom etdi (110-daqiqagacha).

Avvaliga, 92-daqiqada senegalliklar gol urishgandi, ammo gol bekor qilindi: burchak zarbasidan keyin darvozani ishg‘ol etishidan oldin Abdulayye Sek to‘p uchun kurashda Ashraf Hakimini turtib yuborgan deb topildi.

96-daqiqada esa Braim Dias raqib jarima maydonida burchak zarbasidan keyin Diuf bilan to‘p uchun kurashda gazonga yiqildi. VAR referini monitor qarshisiga chorladi va yakunda penalti belgilandi.

Shundan keyin senegalliklar qattiq e’tiroz bildira boshlashdi. Bir necha daqiqa o‘tib Senegal milliy jamoasi futbolchilari namoyishkorona maydonni tark eta boshladi. Senegalliklar ustozi Pap Tiav ham so‘nggi daqiqalardagi bahsli penalti tufayli qattiq norozi bo‘ldi va jamoasiga maydonni tark etishni buyurdi.

Nikolas Jyekson esa raqib futbolchilari bilan mushtlashib ketishiga bir baxya qoldi.

Yakunda Sadio Manedan boshqa barcha senegalliklar maydondan chiqib ketishdi. Bosh murabbiy ham uyga qaytish kerak deb hisoblaganida, jamoa sardori o‘ynashda davom etishga undadi. 

Manening maydonda qolish kerakligi haqidagi chaqiriqlariga hech kim quloq solmadi, shundan keyin u jamoadoshlarini olib kelish uchun kiyim almashtirish xonasigacha borishiga to‘g‘ri keldi. Va yakunda ular qaytishdi. Ammo bu hali hammasi emasdi.

Braim Dias 114-daqiqada penaltini «panenka» uslubida ijro etdi – bu esa Mendi uchun oson o‘ljaga aylandi. U joyidan qimirlamasdan o‘ziga kelgan to‘pni egallab oldi. Bu futbol tarixidagi eng yomon «panenka» edi.

Shundan keyin o‘yin qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tdi va u yerda ruhiy ustunlik Senegal tomonda edi. Dias birinchi overtaymdayoq almashtirildi – o‘yin antiqahramoni maydonni ko‘zda yosh bilan tark etdi.

Bundan bir necha daqiqa oldin senegalliklar hech kim bekor qila olmaydigan golni urishgandi – Mane maydonning ikkinchi qismida to‘pni egallab olib, jamoasining qarshi hujumini boshlab berdi. Pap Geyye esa Hakimidan qochib ketdi va to‘pni darvoza to‘sini ostidan to‘rga kiritdi.

Qolgan daqiqalarda marokashliklar Mendi qo‘riqlayotgan darvozani qamal qilishdi, Senegal esa so‘nggi kuchlari bilan himoyalanishdi. Vaziyatlardan birida Ager burchak zarbasidan keyin bosh bilan zarba yo‘llaganida omad yana senegalliklarga kulib boqdi va to‘p to‘singa bordi.

Senegalliklar uyushtirgan navbatdagi qarshi hujum ham xavfli chiqdi: lekin Ndiayye darvozabon hududidan turib to‘g‘ri zarba berolmadi.

Yakunda Senegal g‘alabali hisobni ushlab qoldi va o‘z tarixida ikkinchi bor Afrika kubogi g‘olibiga aylandi.

Braim Dias eng yaxshi to‘purar sifatida oltin butsani, Bunu eng yaxshi darvozabon sifatida oltin qo‘lqopni qo‘lga kiritdi, ammo turnirning eng yaxshi futbolchisi uchun sovrin Sadio Manega, asosiy kubok esa Senegal jamoasiga topshirildi.

Senegalda to‘rt yil ichida ikkinchi Afrika kubogi. Marokash 1976 yildan buyon g‘alaba qozona olmaydi

● Senegalliklar to‘rt yil ichida ikkinchi bor Afrika chempioniga aylanishdi. Ular so‘nggi to‘rt turnirdan uchtasida finalga chiqishgan.

● Senegal bu turnir boshlanganidan buyon atigi ikki bor to‘p o‘tkazib yubordi. Guruhda Kongo Demokratik Respublikasi bilan o‘yinda (1:1) va 1/8 finalda Sudandan (3:1). Keyin esa qatorasiga uch o‘yinda 1:0 hisoblarida g‘alaba qozonildi.

● Marokashliklar 1976 yildan buyon Afrika kubogini qo‘lga kirita olmayapti. Uyda g‘alaba qozonish uchun ideal imkoniyat bo‘lgandi, ammo muvaffaqiyatsiz seriya davom etadigan bo‘ldi. Marokashliklar 2004 yilda ham finalda yutqazgan.

● Marokash so‘nggi 24 o‘yinda ilk bor yutqazdi. Afrika kubogida jamoa faqat guruh bosqichining ikkinchi turida Mali bilan o‘yinda (1:1) ochko yo‘qotgan.

● Afrika kubogi finallarida 1:0 hisoblari – klassikaga aylanib ulgurdi. XXI asr boshidan buyon 12 finaldan to‘qqiztasida ko‘pi bilan bitta gol urilgan. Besh finalning asosiy vaqti 0:0, to‘rttasi – 1:0 hisoblarida yakunlangan.

Ushbu jamoalar uchun keyingi xalqaro turnir yarim yildan keyin bo‘lib o‘tadi. JCh-2026 turniriga Senegal ham, Marokash ham yo‘llanma olgan.

Mavzuga oid