Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hafta davomida yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda
Haftaning birinchi yarmida O‘zbekistonda quruq ob-havo kuzatiladi. 21–23 yanvar kunlari aksariyat hududlarda yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda. Harorat kechasi –2 dan –7 darajagacha, kunduzi esa +3 dan –2 darajagacha pasayadi.
Foto: Kun.uz
Dushanba va seshanba kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet.
19 yanvar kuni faqat Navoiy viloyatida va ertalab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida biroz qor yog‘adi. 20 yanvar kuni faqat respublikaning janubiy-g‘arbiy hududlari bo‘yicha kechqurun yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin.
21–23 yanvar kunlari O‘zbekistonning katta qismida vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi.
Haftaning birinchi yarmida havo harorati kechalari –3…+2 daraja, kunduz kunlari +3…+8 daraja atrofida bo‘ladi. Haftaning ikkinchi yarmida harorat asta-sekin kechalari –2…–7 darajagacha, kunduz kunlari –2…+3 darajagacha pasayadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ushub hafta davomida harorat asosan kechalari –8…–13 daraja, kunduz kunlari 0…–5 daraja, 23 yanvarga kelib +3 darajagacha bo‘ladi.
Ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. 21–22 yanvarda respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 13–18 metr/soniyagacha kuchayadi. Tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi, qor ko‘chishi xavfi bor.
Toshkent shahrida 19–21 yanvarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat asosan kechalari –2…+1 daraja, dushanba va seshanba kunduz kunlari +3…+6 daraja, chorshanba kuni +7…+9 daraja bo‘ladi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi.
22–23 yanvarda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Harorat 22 yanvarda kechasi va kunduzi 0…+2 daraja, 23 yanvarda kechasi –3…–6 daraja, kunduzi 0 daraja atrofida bo‘ladi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi.