Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Orban Tramp taklif qilgan “Tinchlik kengashi” tarkibiga kirishga rozi bo‘ldi
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan G‘azo sektori bo‘yicha tuzilayotgan, eksklavni tiklash jarayonini nazorat qilishga mo‘ljallangan “Tinchlik kengashi” tarkibiga kirish taklifini qabul qildi. Bu haqda yakshanba, 18 yanvar kuni Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto ma’lum qildi.
Foto: Attila Kisbenedek/AFP/Getty Images
“U (Orban. — tahr.) bu taklifdan mamnun va, albatta, Kengash ishida ishtirok etadi”, — dedi Siyyarto Kossuth Radio radiostansiyasiga.
Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, “Tinchlik kengashi” Trampning 20 banddan iborat rejasi hayotga tatbiq etilishini kafolatlashi kerak. Bu — strategik kuzatuv olib borish, xalqaro resurslarni safarbar qilish va “G‘azo sektori mojarodan tinchlik va rivojlanishga o‘tayotgan o‘tish davrida hisobdorlikni ta’minlash” orqali amalga oshiriladi.
Bloomberg agentligi eslatishicha, AQSh prezidenti “Tinchlik kengashi”ning ijro kengashiga yana bir qator jahon yetakchilarini ham qo‘shilishga taklif qilgan. Ular orasida Argentina prezidenti Xaver Miley va Kanada bosh vaziri Mark Karni ham bor.
Bundan tashqari, ushbu tuzilmaga AQSh davlat kotibi Marko Rubio, AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff, Donald Trampning kuyovi Jared Kushner, Jahon banki rahbari Ajay Banga va Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler ham kiritilgan. Bu organga Donald Trampning o‘zi raislik qiladi. G‘azo sektori bo‘yicha oliy vakil etib bolgar diplomati Nikolay Mladenov tayinlangan.
“Tinchlik kengashi” tuzilayotgani haqida, G‘azo sektorida kundalik hayotni boshqarish vazifasi yuklatilgan 15 nafardan iborat falastinlik texnokratlar ma’muriyati tashkil etilishi e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay xabar berilgan.
AQSh prezidentining maxsus vakili Uitkoff Tramp nomidan 14 yanvar kuni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishning ikkinchi bosqichiga o‘tilayotganini ma’lum qilgan. Bu bosqich, boshqa narsalar qatorida, HAMASni qurolsizlantirish va G‘azo sektorida Falastin politsiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini joylashtirishni nazarda tutadi.
2025 yil dekabr oyida HAMAS bir qator shartlar asosida, xususan Isroil askarlarini G‘azo sektoridan to‘liq olib chiqish sharti bilan qurolni tashlashga tayyor ekanini bildirgan. “(Qurolimiz — tahr.) mavjudligi okkupatsiya va tajovuz bilan izohlanadi. Agar okkupatsiya to‘xtasa, bu qurol davlat nazoratiga topshiriladi”, — degan edi harakat yetakchilaridan Xalil al-Haya.
Yevroittifoq va AQShda terrorchilik tashkiloti deb tan olingan HAMAS harakatining 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroilga hujumi Yaqin Sharqdagi mojaro keskinlashuviga turtki bo‘lgan. O‘shanda jangchilar Isroilga raketa zarbalarini berib, hududiga bostirib kirgan va taxminan 1200 kishi o‘ldirilgan. Shuningdek, ular taxminan 250 nafar garovga olinganlarni asir olib, G‘azo sektoriga olib ketgan. Keyinroq garovdagilarning bir qismi almashtirilgan yoki ozod etilgan, bir qismi halok bo‘lgan.
Javob tariqasida Isroil HAMASga qarshi urush e’lon qilgan. Yerusti operatsiyasi va G‘azo sektoriga bombardimonlar natijasida 70 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, yana 169 mingdan ziyod kishi yaralangan.
Mavzuga oid
15:30 / 16.01.2026
G‘azoda sulhning 2-bosqichiga o‘tildi: bu nimani anglatadi?
18:21 / 15.01.2026
Eron yiqilsa, nima bo‘ladi?
09:21 / 15.01.2026
AQSh: G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishning ikkinchi bosqichi boshlandi
20:24 / 12.01.2026