Jahon | 10:20
1874
5 daqiqa o‘qiladi

Trampning 10 foizlik boj tahdidi: Berlindan keskin bayonotlar

Ekspert (XDI) Roderix Kizevetter Yevropa Oq uyning bosimiga berilib ketmasligi kerak, deb hisoblaydi. Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi esa AQShga qarshi raqamli soliq joriy etish ehtimoli haqida gapirdi.

Foto: Tinkeres/IMAGO

Germaniyada yakshanba, 18 yanvar kuni ham AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiya bo‘yicha pozitsiya sabab Germaniya va yana yetti Yevropa davlatiga 10 foizlik boj joriy etish qarorini tanqid qilishda davom etildi.

GFR kansleri Fridrix Mers “bojxona tahdidlari transatlantik munosabatlarni yemirishi va keskinlik kuchayishi xavfini tug‘dirishi”ga ishonch bildirdi. “Biz Daniya va Grenlandiya aholisini qat’iy va yakdil qo‘llab-quvvatlaymiz. NATO a’zosi sifatida — Arktikada xavfsizlikni mustahkamlashga sodiqmiz”, — deb yozdi Germaniya hukumati rahbari X ijtimoiy tarmog‘ida.

Hokimiyatdagi Xristian-demokratik ittifoq (XDI) partiyasining tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Roderix Kizevetter Yevropa Oq uyning aytganiga “ergashib ketmasligi” kerak, deb hisoblaydi.

“Biz Tramp tomonidan bo‘layotgan shantaj urinishlariga berilmasligimiz kerak”, — dedi Kizevetter Der Münchner Merkur gazetasiga bergan intervyusida. Uning qo‘shimcha qilishicha, Donald Tramp “endi ishonchli ittifoqchi emas, chunki bojlarni joriy etish NATO tamoyillariga ham zid”. Kizevetter ta’kidlashicha, AQSh prezidenti transatlantik hamkorlikni “to‘liq shubha ostiga qo‘yapti”. U Germaniyani Daniya tomonida “aniq turish”ga va bir vaqtning o‘zida harbiy jihatdan kuchayish hamda AQShdan mustaqilroq bo‘lishga chaqirdi.

XDIning tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Peter Bayyer esa “Daniya va Yevroittifoqning Tramp oldida tiz cho‘kishiga guvoh bo‘lishni istamasligi”ni aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp o‘zining odatiy strategiyasiga amal qilmoqda va “bizni muzokara stoliga o‘tqazish uchun maksimal bosim o‘tkazmoqchi”. Bayyer 18 yanvar oqshomida Grenlandiyaga borib, orol atrofidagi vaziyatni shaxsan ko‘rib chiqish niyatida ekanini bildirdi.

Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) va “Ittifoq-90”/“yashillar” Yevropa javob choralarini ko‘rishi kerakligini bildirdi. “Ehtimol, biz raqamli soliqni tayyorlashimiz kerakdir — bu keksa janob tushunadigan yagona til”, — dedi Tramp haqida gapirar ekan, GSDPning tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Ralf Shtegner Redaktionsnetzwerk Deutschland (RND) mediaguruhi nashrlariga.

Bundestagdagi “yashillar” fraksiyasi raisi Katarina Dryoge javob bojlarini joriy etishni qat’iy talab qildi. Uning ta’kidlashicha, Trampga “biz uning tahdidlariga bo‘ysunish niyatida emasligimizni va o‘z manfaatlarimiz hamda ittifoqchilarimizni himoya qilishimizni” ko‘rsatish kerak.

Germaniyaning ulgurji va tashqi savdo federal birlashmasi (BGA) raisi Dirk Yandura AQSh bilan bog‘liq barcha bojxona kelishuvlari shubha ostida qolgan, deb hisoblaydi. Uning fikricha, savdo to‘siqlari orqali siyosiy talablarni ilgari surishni qabul qilib bo‘lmaydi. “Ayniqsa gegemonistik rejalarni amalga oshirish haqida gap ketganda”, — deya Yanduraning so‘zlarini keltirgan Politico nashri.

Daniya va AQSh 14 yanvar kuni Vashingtonda Arktika orolining maqomi bo‘yicha muzokara o‘tkazdi. Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Devid Vens va AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuvdan keyin Grenlandiya masalasida tomonlar “tubdan farq qiladigan pozitsiya”da ekanini aytdi.

O‘z navbatida, muzokaralarda qatnashgan Grenlandiya tashqi ishlar vaziri Vivian Motsfeldt Oq uy bilan hamkorlikni kuchaytirishni istashini, ammo Grenlandiyaning AQShga tegishli bo‘lishini xohlamasligini bildirdi.

Donald Tramp 17 yanvar kuni Germaniya, Daniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Finlandiya, Fransiya va Shvetsiya uchun 1 fevraldan AQShga yetkazib beriladigan tovarlarga 10 foizlik tarif qo‘llanishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1 iyundan bojlar 25 foizgacha oshiriladi. Reuters aniqlashtirishicha, tariflar amaldagi bojlarga qo‘shimcha ravishda joriy etiladi. Tramp “Grenlandiyani to‘liq va yakuniy sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishilmaguncha” yig‘imlar undirilishini aytdi va AQSh “bu ishni 150 yildan ziyod” amalga oshirishga uringani, ammo Daniya rad etganini qo‘shimcha qildi.

Germaniya rasmiylari prezident e’lon qilgan choralarni “qayd etdi” va boshqa Yevropa davlatlari bilan birgalikda javob qadamlarini muhokama qilmoqda. Bu haqda 17 yanvar oqshomida Germaniya hukumati vakili Shtefan Kornelius ma’lum qildi.

Mavzuga oid