Iqtisodiyot | 13:38
738
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy iqtisodiyoti 2025 yilda 5 foizga o‘sdi

2025 yilda Xitoyda iqtisodiy o‘sish 5 foiz darajasida qayd etildi. Bu haqda 19 yanvar, dushanba kuni Xitoy Xalq Respublikasining Davlat statistika byurosi xabar berdi. Dastlabki baholarga ko‘ra, 2025 yilda Xitoyning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 140,18 trln yuanni (taxminan 17,3 trln yevro) tashkil etgan.

Foto: inbusiness.kz

So‘nggi yillarda XXR — dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyot iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirayotgan tizimli muammolarga duch kelmoqda, deb qayd etadi AFP. Xususan, bu ko‘rsatkichga aholi iste’molining pasayishi va ko‘chmas mulk sektordagi inqiroz qattiq ta’sir qilmoqda (ushbu sohada investitsiyalar 17,2 foizga kamaygan).

XXR Davlat statistika byurosi ma’lumoticha, 2025 yil dekabr oyida chakana savdo hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan atigi 0,9 foizga o‘sgan. Bu mamlakatda koronavirus cheklovlari bekor qilinganidan beri (taxminan uch yil oldin) eng sekin o‘sish hisoblanadi.

Avvalroq Xitoy 2025 yil uchun rekord darajadagi savdo profitsiti haqida ma’lum qilgan edi — u 1,2 trln AQSh dollarini ( 1,03 trln yevro) tashkil etgan. AFP ta’kidlashicha, eksport an’anaviy ravishda Xitoy iqtisodiyotining asosiy “harakatlantiruvchi kuchi” hisoblanadi.

Shu bilan birga, Vashington va Pekin o‘rtasidagi savdo nizosi tufayli tomonlar vaqtincha o‘zaro bojxona to‘lovlarini joriy etgan, bu esa AQShga importning 20 foizga pasayishiga olib kelgan. Taqqoslash uchun: AQShdan XXRga import 14,6 foizga qisqargan.

2025 yilda AQShga eksportning pasayishi Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga yetkazib berishlar (13,4 foiz o‘sish), Afrikaga (25,8 foiz) va Yevropa Ittifoqiga (8,4 foiz) eksport o‘sishi hisobiga qoplangan.

Mavzuga oid