Jahon | 22:38 / 20.01.2026
3449
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil BMT Falastin qochqinlariga yordam agentligi qarorgohini buzib tashladi

Buzish jarayoni 2024 yil oktyabr oyida qabul qilingan va BMT agentligining Isroil hududida ishlashini taqiqlovchi qonunga muvofiq amalga oshirildi.

Foto: AP

Isroil rasmiylari Sharqiy Quddusda BMT Falastin qochqinlariga yordam agentligi (UNRWA) qarorgohi binolari majmuasini buzib tashladi. Buzish 2024 yil oktyabr oyida qabul qilingan va BMT agentligining Isroil hududida ishlashini taqiqlovchi qonunga muvofiq amalga oshirildi.

Isroil Tashqi ishlar vazirligi UNRWA HAMAS guruhi bilan hamkorlik qilishini ta’kidlab, shunday bayonot berdi:

«UNRWA-HAMAS ushbu obektdagi faoliyatini allaqachon to‘xtatgan va u yerda BMT xodimlari bo‘lmagan va BMT hech qanday faoliyati olib borilmagan. Ushbu majmua hech qanday immunitetga ega emas va Isroil rasmiylarining uni egallab olishi Isroil va xalqaro qonunlarga muvofiq amalga oshirilgan».

UNRWA vakili Jonatan Fauler Isroil kuchlari majmua hududiga «bostirib kirganini» aytib, sodir bo‘lgan voqeani «BMT binolariga misli ko‘rilmagan hujum» va «xalqaro huquq hamda BMT imtiyoz va immunitetlarini jiddiy buzish» deb atadi. Buzilish joyiga milliy xavfsizlik vaziri, o‘ta o‘ngchi siyosatchi Itamar Ben-Gvir yetib keldi va bu «Quddus suvereniteti uchun muhim kun» ekanini va «terror tarafdorlari hamma joydan quvilishini» aytdi.

2025 yil oktyabr oyida BMT Xalqaro sudi Isroilning UNRWA bilan hamkorlik qilishdan bosh tortishini qoralab, G‘azo sektorida gumanitar yordamni taqsimlash uchun agentlik bilan hamkorlikni davom ettirishga chaqirib, maslahat xulosasi chiqardi. Sud Isroilning UNRWA xodimlarining terrorchilik tashkilotlari bilan tizimli hamkorligi haqidagi da’volarini asossiz deb atadi va xavfsizlik nuqtai nazaridan bosib olingan hududlarda gumanitar faoliyatni to‘liq to‘xtatib qo‘yishni oqlay olmasligini ta’kidladi.

2024 yil yanvar oyida Reuters Isroil razvedkasi ma’lumotlariga tayanib, G‘azo sektoridagi 190 nafar UNRWA xodimi Isroilga qarshi hujumda ishtirok etgani haqida xabar bergan edi. Ushbu da’volar BMT ichki tekshiruvini boshlash va bir qator davlatlar tomonidan agentlikni moliyalashtirishni vaqtincha to‘xtatish uchun asos bo‘ldi. Keyinchalik Isroil ittifoqchilari va ommaviy axborot vositalariga torroq ma’lumotni taqdim etdi, unda 7 oktyabr kuni hujumda kamida 12 nafar UNRWA xodimi bevosita ishtirok etgani, 1200 ga yaqin odam (G‘azodagi xodimlarning taxminan 10 foizi) esa HAMAS va boshqa falastinlik qurolli guruhlar bilan aloqada bo‘lgani aytilgan.

BMT tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv, o‘z navbatida, 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga uyushtirilgan HAMAS hujumiga faqat 9 nafar UNRWA xodimi «ehtimol» aloqador degan xulosaga keldi va terrorchi guruhlarning agentlik tuzilmalariga muntazam ravishda kirib kelgani haqidagi da’volarni tasdiqlamadi.

2024 yil oxirida Isroil hukumati Sharqiy Quddusda alohida dasturlar davom etayotganiga qaramay, o‘z hududida UNRWA faoliyatini rasman taqiqladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid