Jahon | 08:30 / 20.01.2026
7844
2 daqiqa o‘qiladi

Moldova MDHdan chiqish jarayonini boshladi

Moldova hokimiyati respublika MDHda a’zo bo‘lib turishini ta’minlab kelgan uchta kelishuvni bekor qilish jarayonini boshladi. TIV vaziri Popshoyning aytishicha, gap hamdo‘stlikdan yuridik jihatdan chiqish haqida ketmoqda, de-fakto a’zolik esa avvalroq to‘xtatilgan.

Foto: midr.gov.md

Kishinyov Moldovaning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)dagi a’zoligiga asos bo‘lib kelgan uchta asosiy kelishuvni denonsatsiya qilish jarayonini boshladi. Bu haqda dushanba, 19 yanvar kuni, Moldova tashqi ishlar vaziri Mixay Popshoy Radio Moldova efirida ma’lum qildi. U ta’kidlashicha, ushbu kelishuvlar kuchini yo‘qotgandan so‘ng rasmiy va yuridik jihatdan “Moldova MDH tarkibiga kirmaydi”, shu bilan birga de-fakto a’zolik “allaqachon” to‘xtatilgan.

Moldova bosh vaziri o‘rinbosari va TIV rahbari qayd etishicha, gap quyidagi hujjatlar haqida ketmoqda: 1993 yil 22 yanvar kuni Minskda imzolangan MDH nizomi, 1991 yil 8 dekabrdagi MDHni tashkil etish to‘g‘risidagi bitim, shu bitimga 1991 yil 22 dekabrda qabul qilingan ilova.

Popshoyning so‘zlariga ko‘ra, denonsatsiya jarayoni allaqachon ketmoqda va parlament deputatlari tegishli hujjatlarni yangi parlament sessiyasining eng boshida ko‘rib chiqadi.

“Ehtimol, fevral o‘rtasigacha biz hukumatdagi tartib-taomillarni yakunlaymiz, shundan keyin qaror parlament tomonidan qabul qilinadi”, — deb vazirning so‘zlarini keltiradi “Moldpress” Moldova davlat axborot agentligi.

Mixay Popshoy Moldovaning MDHdagi a’zoligiga oid kelishuvlarni uzishni “mamlakatning Yevropa yo‘nalishini mustahkamlashdagi muhim qadam” deb atadi.

Moldova tashqi ishlar vaziri qo‘shimcha qilishicha, umumiy hisobda Moldova MDH bilan 283 ta kelishuvni imzolagan; shulardan 71 tasi allaqachon denonsatsiya qilingan, yana taxminan 60 tasi denonsatsiya jarayonida. Shu bilan birga, Popshoyning aytishicha, Kishinyov Yevropa yo‘nalishiga zid kelmagan taqdirda, iqtisodiy foyda keltiradigan yoki fuqarolar uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan kelishuvlardan voz kechish niyatida emas.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid