Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Suv yutib yuborgan 7 shahar: afsonalardan ilmiy xaritalargacha
Dengizlar va ko‘llar tubi ostida insonlar endigina “ko‘ra” boshlayotgan ko‘chalar, uylar va shaharlar yashiringan. Sun’iy yo‘ldoshlar va sonarlar paydo bo‘lishidan ancha oldin butun shaharlar suv ostiga g‘oyib bo‘lgan: ayrimlarini zilzilalar “yutib” yuborgan, boshqalarini esa sekin-asta ko‘tarilayotgan dengiz yo‘q qilib borgan. Asrlar davomida ularning izlari ko‘zdan yashirin qoldi - faqat afsonalar va mahalliy rivoyatlardagina yashab keldi.
Foto: Getty Images
So‘nggi yillarda suvosti arxeologiyasi yangi bosqichga chiqdi. 2024 yildan 2026 yil boshigacha bo‘lgan davrda olimlar ilg‘or sho‘ng‘ish usullari, geofizik tadqiqotlar va 3D-rekonstruksiyadan foydalanib, dunyoning eng sirli suvosti shaharlaridan ayrimlarini qaytadan o‘rgandi. Bu izlanishlar shaharlar qanday ishlagani, nega yo‘qolib ketgani va suv tagida nima saqlanib qolganini ochib beradi. Quyidagi yetti obekt tabiiy ofatlar, ekologik siljishlar va vaqt ta’sirida o‘zgarib ketgan shahar dunyosiga nazar tashlash imkonini beradi.
1) Tonis–Geraklion — Misr
Iskandariya yaqinidagi Abu-Kir qo‘ltig‘ida suv ostida qolgan Tonis–Geraklion Misrning yirik porti bo‘lib, O‘rta Yer dengizi savdosini Nil vodiysining ichki hududlari bilan bog‘lab turgan. Frank Goddio rahbarligidagi so‘nggi suvosti ekspeditsiyalari bosqichlarida Amon ibodatxona majmuasi atrofidagi yangi zonalar hujjatlashtirildi, shuningdek undan sharq tomonda Afroditaga bag‘ishlangan yunon ibodatxonasining mavjudligi aniqlandi.
Topilmalar orasida bronza va keramika buyumlari, shuningdek yunon qurollari bor — bu shaharda ellinistik davrdan ancha oldin ham yunon savdogarlari va yollanma askarlar bo‘lganini tasdiqlaydi.
Ushbu kashfiyotlar Tonis–Geraklion haqidagi tasavvurni mustahkamlaydi: u ko‘p millatli savdo “darvozasi” bo‘lgan, u yerda ibodat maskanlari va port infratuzilmasi yaqin uyg‘unlashgan. Keyinchalik esa shahar tuproq cho‘kishi va seysmik omillar keltirib chiqargan suv toshqinlari natijasida suv ostiga ketgan.
2) Kanop (Kanopus) — Misr
Abu-Kir qo‘ltig‘idagi yana bir yirik shahar — Kanop ham dengiz tubidan obektlarni ko‘tarish va hujjatlashtirish davomida o‘zining katta Rim me’moriy inshootlarini ochishda davom etmoqda. 2025 yil avgust oyidagi nashrlarda arxeologlar ta’biri bilan aytganda, “yaxlit Rim shahri” aniqlangan suvosti tadqiqotlari haqida xabar qilindi: ibodatxonalar, sisternalar, baliq hovuzlari, shuningdek haykallar va me’moriy elementlar.
Shu tariqa, muhandisligi rivojlangan va suv resurslarini boshqarish tizimiga ega bo‘lgan qirg‘oqbo‘yi shahar markazi manzarasi namoyon bo‘ladi. Bu esa Kanop uzoq vaqt mavjud bo‘lib, Rim davrigacha qayta qurilishlardan o‘tganini ko‘rsatadi.
Ishlar, shuningdek, Kanopning Iskandariya iqtisodiy hududidagi dengiz va savdo roli qanchalik katta bo‘lganini ta’kidlaydi: bu yerda kundalik shahar hayoti va ishlab chiqarish jarayonlari bugun cho‘kmalar va sayoz suv ostida “konservatsiya” bo‘lib saqlanib qolgan.
3) Toru-Aygir — Issiqko‘l, Qirg‘iziston
2025 yil oxirida Issiqko‘lda ishlayotgan suvosti arxeologlari Toru-Aygir majmuasini o‘rganishda katta yutuqqa erishganini ma’lum qildi: bu joy kichik forpost emas, balki to‘laqonli o‘rta asr shahri bo‘lgani qat’iy tasdiqlandi. Ular pishiq g‘ishtdan qurilgan binolar, don tegirmoni, katta keramik idishlar va eng muhimi, XIII–XIV asrlarga oid musulmon qabristoni-nekropolini topdi — qabrlar Makka tomonga qaratilgan.
Tadqiqotchilar, shuningdek, jamoat yoki diniy vazifa bajargan bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik inshootni ham qayd etdi (taxminan masjid, madrasa yoki hammom). Ayrim manbalar shahar yo‘qolishini XV asrdagi kuchli zilzila va keyingi qirg‘oq chizig‘i o‘zgarishlari bilan bog‘laydi. Toru-Aygir Ipak yo‘li savdosi bilan bog‘liq “qayta kashf etilgan” suvosti shaharlarining eng yorqin misollaridan biriga aylandi.
4) Bayi — Italiya
Neapol qo‘ltig‘idagi rimliklarning afsonaviy dabdabali kurort shahri Bayi — suvosti shaharlar ichida o‘rganish uchun eng qulaylaridan biri bo‘lib, shunga qaramay yangi kashfiyotlar keltirishda davom etmoqda. 2024 yil iyul oyida tadqiqotchilar suvosti arxeologik parki hududidagi Rim villasiga bog‘liq nafis mozaik pol topilganini xabar qildi — bu shahar me’morchiligining elitar xususiyatini yana bir bor ta’kidladi.
2025 yil avgust oyida arxeologlar isitish tizimiga xos elementlarga ega bo‘lgan suv ostidagi Rim hammom majmuasi topilganini e’lon qildi. Ayrim manbalar uni Rim siyosiy elitasiga aloqador nufuzli villaning bir qismi bo‘lishi mumkin, deb taxmin qiladi. Bu topilmalar Bayi faqat yaxshi ma’lum obektgina emas, balki hali ham jahon darajasidagi kashfiyotlar berishi mumkin bo‘lgan joy ekanini ko‘rsatadi.
5) Olus — Gretsiya
Olus — Krit orolining shimoli-sharqida joylashgan qadimgi yunon qirg‘oq shahri bo‘lib, tektonik cho‘kish va dengiz sathining uzoq muddatli ko‘tarilishi natijasida asta-sekin suv ostida qolgan. Zilzila yoki sunami sabab to‘satdan yo‘qolib ketgan shaharlardan farqli o‘laroq, Olus xarobalari o‘n yillar davomida suv ostida qisman ko‘rinib turgan — devorlar va poydevorlar hozirgi Elunda yaqinida joylashgan.
Antik manbalar shahar mavjud bo‘lganini tasdiqlasa-da, uning aniq rejasi va ko‘lami uzoq vaqt noaniq qolgan. 2020-yillarda yangi xaritalash usullari qo‘llangan zamonaviy suvosti tadqiqotlari avvalgi kuzatuvlarni aniqlashtirishga yordam berdi.
Natijada Olusning turar joy mavzelari va port atrofi zonalarining sezilarli qismi bugun sayoz suv ostida yotgani tasdiqlandi. Bu shahar — dengiz tomonidan sekin “yutilgan” kamyob misollardan biri: u ekologik o‘zgarishlar asrlar davomida shahar markazini qanday “o‘chirib” yuborishini ko‘rsatadi.
6) Dvarka — Hindiston
Hindiston g‘arbida Gujarat shtati sohilidagi qadimgi Dvarka arxeologiya va rivoyatlarda erta tarixiy davrning muhim porti sifatida ancha vaqtdan beri ma’lum. 2026 yil boshida Hindiston Arxeologik xizmati (ASI) oldin o‘rganilmagan qirg‘oq zonalarini zamonaviy texnologiyalar yordamida tadqiq etish uchun yerusti va suvosti izlanishlarining keng ko‘lamli dasturini qayta boshlaganini e’lon qildi.
Mutaxassislar aytishicha, kelgusi ishlar faqat klassik sohil yodgorliklariga emas, balki Bet-Dvarka atrofida va Gomti daryosi quyilishi yaqinidagi suvosti hududlariga ham qaratilgan bo‘ladi — u yerlarda oldinroq strukturali anomaliyalar va tosh obektlar qayd etilgan.
Bu tashabbus Dvarkaning suvostidagi shahar tuzilmasini o‘rganishda jiddiy kuchaytirishni anglatadi va cho‘kmalar hamda sayoz suv ostida ancha keng hudud saqlanib qolgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Yangi ma’lumotlar Janubiy Osiyoning eng mashhur suvosti shaharlaridan biri haqidagi tushunchani va uning qadimgi dengiz savdo tarmoqlaridagi rolini sezilarli kengaytirishi mumkin.
7) Xibara-dzyuku — Yaponiya
Xibara-dzyuku — Edo davridagi shahar bo‘lib, hozirgi Fukusima prefekturasidagi Kitasiobara qishlog‘i hududida joylashgan. U 1888 yilda Banday vulqonining halokatli otilishi oqibatida suv ostida qolgan: vulqon daryo o‘zanlarini to‘sib qo‘ygan va natijada Xibara ko‘li hosil bo‘lgan. Shahar taqdiri tarixiy manbalardan ancha yaxshi ma’lum edi, biroq 2025 yil dekabr oyida uning ilmiy “ikkinchi kashfi” ro‘y berdi.
JAMSTEC (Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi), Kioto universiteti va boshqa tashkilotlar tadqiqotchilari nurli exolokatsion skanerlash va tarixiy kadastr xaritalari asosida yaratilgan suvosti posyolkasining yuqori aniqlikdagi 3D-rekonstruksiyasini e’lon qildi.
Ko‘l tubida saqlanib qolgan mavzelar, yo‘llar, suv kanallari va ibodatxonalarga olib boruvchi yo‘laklar aniqlandi. Batimetriya ma’lumotlarini urushdan oldingi yer hisob-kitob yozuvlari bilan birlashtirish 2024–2025 yillarda yaratilgan suv ostidagi tarixiy shaharlarning eng batafsil rekonstruksiyalaridan birini berdi va zamonaviy texnologiyalar yo‘qolgan shahar manzarasini o‘n yillar o‘tsa ham “qaytarib berish”ga qodir ekanini yaqqol ko‘rsatdi.
Mavzuga oid
20:20 / 31.08.2025
Bosqin ostidagi 130 yil: mag‘lubiyat sabablari, qirg‘inlar va saboqlar
13:52 / 25.07.2025
Odam faqat o‘zi xohlasa o‘zgaradi - ayollar ishonadigan eng katta afsona
18:50 / 25.06.2025
MDH ayrim davlatlari tarix darsligida Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat bor – Rossiya ta’lim vaziri
09:41 / 18.04.2025