Jahon | 13:00 / 20.01.2026
1236
6 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoqning Grenlandiya bo‘yicha favqulodda sammiti 22 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi

GFR kansleri Fridrix Mers va boshqa Yevropa yetakchilari Grenlandiya atrofidagi vaziyat sabab AQShga nisbatan javob bojlarini joriy etish ehtimolini muhokama qiladi. Yevropa Ittifoqining javob choralari 7 fevraldan kuchga kirishi mumkin.

Foto: Global Look Press/Nicolas Maeterlinck

Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari 22 yanvar kuni kechqurun Bryusselda Grenlandiya atrofidagi vaziyat bo‘yicha favqulodda sammitga to‘planadi. Bu haqda dushanba, 19 yanvar kuni Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta vakili ma’lum qildi. Inqiroz bo‘yicha yig‘ilishda Yevropa yetakchilari AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiya masalasidagi pozitsiyasi uchun Germaniya va yana yettita Yevropa mamlakatiga qarshi 10 foizlik boj joriy etish tahdidiga umumiy javobni muhokama qiladi.

Yevropa Ittifoqi tomonidan javob bojlarini joriy etish “istisno qilinmaydi”, dedi iqtisodiyot bo‘yicha yevrokomissar Valdis Dombrovskis Bryusseldagi YeI mamlakatlari moliya vazirlari uchrashuvi oldidan.

Yevrokomissiya vakili tasdiqlashicha, nazariy jihatdan 7 fevraldan Yevropa Ittifoqining umumiy qiymati 93 mlrd yevro bo‘lgan Amerika tovarlariga nisbatan maxsus tariflari kuchga kirishi mumkin. Bu bojlar 2025 yilda AQSh bilan tarif nizosi doirasida tayyorlangan bo‘lib, agar ularni “muzlatib qo‘yish” muddati uzaytirilmasa, avtomatik ravishda amalga kirishi ko‘zda tutilgan. Bunday holda Yevropa javob choralari AQShning keng turdagi tovarlariga ta’sir qiladi: samolyotlar, avtomobillar, mol go‘shti, ichimliklar va sitrus mevalar shular jumlasidan.

Avvalroq ma’lum bo‘lishicha, Trampning iqtisodiy tahdidlaridan so‘ng Yevropa parlamenti deputatlari YeI va AQSh o‘rtasidagi transatlantik savdo kelishuvini ma’qullamaydi. Ushbu kelishuv AQShning YeIdan importga tariflarini 15 foiz darajasida belgilashni, evaziga Yevropa Ittifoqining Amerika eksportiga qo‘yilgan bojlardan voz kechishini nazarda tutgan edi.

Der Spiegel jurnali va Reuters agentligi Bryusseldagi manbalarga tayanib xabar berishicha, Yevropa Ittifoqi AQShning ehtimoliy yangi bojlariga javoban o‘z hududida Amerika kompaniyalari faoliyatini cheklash g‘oyasini ham ko‘rib chiqmoqda.

Mojaroning sababi — Donald Trampning hozirda Daniya Qirolligi tarkibida avtonom hudud hisoblangan Grenlandiya ustidan AQSh nazoratini o‘rnatishga intilishi bo‘ldi. Oq uy rahbari bu go‘yo AQSh xavfsizligi uchun zarurligini, aks holda orolni Xitoy yoki Rossiya egallab olishini aytadi. Daniya va boshqa Yevropa rasmiylari esa Grenlandiya allaqachon NATOning jamoaviy mudofaa me’yorlari bilan himoyalanganini ta’kidlaydi. Bundan tashqari, orolda AQSh harbiylarining mavjudligi 1951 yilgi kelishuv bilan ta’minlangan va Vashington agar u yerga qo‘shimcha qo‘shin yuborishni istasa, bu haqda shunchaki Kopenhagenni xabardor qilishi mumkin.

14 yanvar kuni Vashingtonda Daniya va Grenlandiya tashqi ishlar vazirlari — Lars Lyokke Rasmussen va Vivian Motsfeldt AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens hamda davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashdi. Maslahatlashuvlar natijasiz yakunlangan.

15 yanvar kuni Germaniya Daniya taklifiga ko‘ra NATOdagi hamkor davlatga harbiy ko‘mak imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida, Arctic Endurance (“Arktik chidamlilik”) missiyasi doirasida bundesverning razvedka guruhini Grenlandiyaga yubordi. Nemis askarlari, xususan, dengiz kuzatuvi sohasida harbiy yordam imkoniyatlarini o‘rganayotgani bildirildi. Daniya rahbarligidagi missiyada Fransiya, Shvetsiya va Norvegiya harbiylari ham ishtirok etmoqda. Buyuk Britaniya ham Grenlandiyaga o‘z qo‘shinlarini yuborishni ko‘rib chiqayotgani haqida xabar qilingan.

16 yanvar kuni Tramp agar Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Niderlandiya, Norvegiya, Finlandiya, Fransiya va Shvetsiya AQShning Grenlandiyaga da’volarini qo‘llab-quvvatlamasa, ularga qarshi 10 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qildi. Ertangi kuni nemis bundesverining 15 nafar askaridan iborat guruhi arktik orolni tark etdi. Shu bilan birga, Yevropaning sakkizta mamlakati Trampga “yakdil javob” berishini va’da qilgani aytildi.

19 yanvar kuni ma’lum bo‘lishicha, AQSh prezidenti Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styorega maktub yozib, agar AQSh “Grenlandiya ustidan to‘liq va mutlaq nazorat” o‘rnatmasa, “dunyo xavfsiz bo‘lmaydi”, degan.

Tramp, shuningdek, Norvegiya “sakkizta va undan ham ko‘p urushlarni to‘xtatgani uchun” unga Nobel tinchlik mukofotini “berishni istamagani” sabab, “endi faqat tinchlik haqida o‘ylashga o‘zini majbur deb hisoblamasligi”ni ham yozgan. Styore javob tariqasida Nobel mukofotlarini Norvegiya hukumati emas, mustaqil Nobel qo‘mitasi taqdim etishini eslatgan. 2025 yil uchun Tinchlik mukofoti Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machadoga berilgan, u 15 yanvar kuni bu mukofotni Oq uyda Trampga topshirgan.

19 yanvar kuni AFP agentligi xabar berishicha, Norvegiyaning minglab fuqarolari harbiy idoradan xat olgan: unda urush holatida milliy mudofaa manfaatlari uchun ularning uylari, avtomobillari, qayiqlari va boshqa texnikasi musodara qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan. Norvegiya armiyasi logistika xizmati rahbari Anders Yyernberg mamlakat “Ikkinchi jahon urushidan beri xavfsizlik siyosati nuqtai nazaridan eng jiddiy inqiroz”ni boshdan kechirayotganini aytgan. Norvegiya NATO a’zosi, ammo YeI a’zosi emas. Shuningdek, mamlakat Shimoliy Muz okeani sohilida joylashgan va sharq tomonda Rossiya bilan kichik chegaraga ega.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid