Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Karib dengizida yettinchi tankerni ushladi
Amerika harbiylari Donald Tramp joriy etgan Venesuela blokadasini buzgan neft tankerlaridan yettinchisini qo‘lga oldi. AQSh bahosiga ko‘ra, Venesuela neft eksportining taxminan 70 foizi “soya floti” deb ataluvchi kemalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
AQSh Karib dengizida yana bir neft tankerni qo‘lga oldi. AQSh Qurolli kuchlarining Janubiy qo‘mondonligi (Southcom) seshanba, 20 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Sagitta kemasi AQSh prezidenti Donald Tramp joriy etgan sanksiyaga tushgan tankerlar blokadasini buzganini bildirgan. Kema Ichki xavfsizlik vazirligi bilan hamkorlikda amerikalik harbiylar tomonidan nazoratga olingan.
Xabarda qayd etilishicha, AQSh Venesueladan chiqib ketayotgan neft to‘g‘ri tarzda va qonuniy asoslarda yetkazib berilishini kafolatlashga qat’iy bel bog‘lagan. Southcom ma’lumotiga ko‘ra, amaliyot davomida hech qanday hodisa yuz bermagan.
Kemalar harakatini kuzatish xizmati VesselFinder ma’lumotlariga ko‘ra, Sagitta neft tankeri Panama bayrog‘i ostida suzadi va AQSh, YeI hamda Buyuk Britaniyaning sanksiya ro‘yxatlariga kiritilgan. Shu bilan birga, MarineTraffic portali ma’lumotiga ko‘ra, xuddi shu nomli va xuddi shu identifikatsion raqamli tanker Liberiya bayrog‘i ostida suzadi.
Bu — Venesueladan neft eksport qilishda ishtirok etayotgan tankerlarni ta’qib qilish operatsiyasi doirasida AQSh harbiylari to‘xtatib, qo‘lga olgan yettinchi holat.
Ilk holatlardan biri sifatida 7 yanvar kuni Rossiya kompaniyasiga tegishli, ikki haftadan ziyod AQSh sohil qo‘riqlash kemasining ta’qibidan qochib yurgan Marinera (Bella 1) tankeri ushlangan edi. Rossiya bu tankerning ushlanishini noqonuniy kuch ishlatish amaliyoti deb atagan. Moskva ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington ekipaj tarkibidagi ikki nafar RF fuqarosini ozod qilishga va’da bergan. Ammo 20 yanvar kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bu va’da bajarilmaganini ma’lum qildi.
AQSh hokimiyati bahosi bo‘yicha, Venesuela neft eksportining taxminan 70 foizi “soya floti” kemalari hissasiga to‘g‘ri keladi.