Jahon | 23:18 / 21.01.2026
9676
7 daqiqa o‘qiladi

Germaniya nega Vashingtonga qarshi chiqmadi?

Germaniyalik harbiylarning Grenlandiyani tark etishi NATO ichidagi munosabatlar qanchalik mustahkam ekani haqidagi savollarni kuchaytirdi. Tramp omili sabab alyans ichida siyosiy pozitsiyalar tobora farqlanib, AQShning keskin tashqi siyosati Yevropa davlatlarini murakkab tanlovlar oldida qoldirmoqda. Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar AQSh va ittifoqchilarining alyans doirasidagi munosabatlari xususida so‘z yuritdi.

Germaniyalik harbiylarning Grenlandiyani tark etishi NATO ichidagi birdamlik yo‘qligini anglatadimi?

Kamoliddin Rabbimov: NATO tarkibida doim turli pozitsiyadagi davlatlar bo‘lgan va bu holat hozir ham saqlanib qolmoqda. Masalan, Turkiyada Erdo‘g‘an hokimiyatga kelganidan so‘ng mamlakatning tashqi siyosiy yondashuvi sezilarli darajada o‘zgardi. Musulmon davlati sifatida u ko‘plab masalalarda G‘arbiy blokdan farqli pozitsiya tutmoqda. Xuddi shuningdek, bugun Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ham Rossiyadan arzon gaz va neft olish masalasida NATO ichida ko‘pincha murosasiz pozitsiya egallaydi. U aksariyat hollarda hammaga qarshi chiqib, oxir-oqibat veto huquqidan savdolashuv vositasi sifatida foydalanadi va ma’lum imtiyozlarga erishgach, qarorini o‘zgartiradi.

Biroq hozirgi vaziyat avvalgilaridan tubdan farq qiladi. NATO tarixida ilk bor alyans ichidagi eng asosiy davlat AQShning o‘zi tizimni ichkaridan larzaga solmoqda. Ta’sir darajasi jihatidan AQSh NATOda kamida 70 foizlik ulushga ega. Qolgan davlatlar Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Kanada va boshqalar jamlanganda ham qolgan 30 foizni tashkil etadi. Buning sababi oddiy: AQSh global mudofaa xarajatlarining qariyb 40 foizini o‘z zimmasiga oladi. Masalan, Afg‘oniston va Iroqdagi urushlar davrida dunyo bo‘yicha harbiy xarajatlar 1,5 trillion dollarni tashkil etgan bo‘lsa, shundan 250 milliard dollari faqat AQSh hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu oddiy mudofaa budjeti emas, balki real urush xarajatlari edi.

Bugun ham Donald Tramp ijtimoiy dasturlar va xalqaro yordamlarni qisqartirgan bo‘lsa-da, Pentagon budjetini oshirdi. Chunki u global qudratni aynan harbiy kuch orqali o‘lchaydi. Natijada NATO ichidagi davlatlar hozir nima qilishni va qanday yo‘l tutishni bilmay qolgan. Eng avvalo, ular Trampning siyosatidan jiddiy xavotirda va unga ochiqcha “yo‘q” deyishdan cho‘chimoqda.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ayrim masalalarda Trampga qarshi chiqayotgan bo‘lsa-da, NATO bosh kotibi Mark Rutte Tramp bilan yozishmalarda ehtiyotkor va hatto haddan tashqari muloyim ohangni tanlamoqda. Germaniya ham AQSh bilan to‘qnash kelishni istamaydi. Shu sababli Trampning noroziligini yumshatish uchun ayrim muammoli masalalarda tezda orqaga chekinmoqda. Yevropaning boshqa davlatlari ham xuddi shunday ikkilanish holatida.

Buyuk Britaniyada esa vaziyat yanada murakkab. Donald Tramp o‘tgan yil ikkinchi bor davlat tashrifi bilan qirollik tomonidan tantanali tarzda taklif qilindi. Bu tarixiy jihatdan noyob holat bo‘lsa-da, ayni paytda Britaniya parlamentida keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Hukumat Trampni qanday muvozanatlashtirishni va uning bosimini qanday jilovlashni bilmayapti. Agar Donald Tramp yana uch yil hokimiyatda qolsa, u jahon siyosiy tizimini shunchalik keskin o‘zgartirib yuboradiki, uch yildan so‘ng dunyoni hozirgi holatida tanib bo‘lmay qolishi ehtimoldan xoli emas.

Islomxon Gaffarov: Grenlandiya masalasida Qo‘shma Shtatlar tobora kuchayib borayotgan bosim o‘tkazmoqda. To‘g‘ri, Donald Tramp turli masalalar bo‘yicha keskin bayonotlar qilgan: Kanadani 51-shtat deb atashi, Panama kanali yoki Afg‘onistondagi Bagram bazasi haqida gaplari bunga misol. Biroq bu mavzular vaqt o‘tib susaygan. Grenlandiya masalasi esa, aksincha, butun yil davomida izchil va muqim tarzda kun tartibida saqlanib kelmoqda.

Bu bosim avvalo, Grenlandiyaning geosiyosiy joylashuvi bilan bog‘liq. AQSh bu hududni strategik jihatdan muhim deb baholamoqda va masalani milliy xavfsizlik darajasiga ko‘tarmoqda. Shu bilan birga, Tramp ichki auditoriyaga masalani soddalashtirib tushuntirmoqda: “Agar biz Grenlandiyani hozir nazoratga olmasak, uni Rossiya yoki Xitoy egallashi mumkin”, degan ritorika muntazam takrorlanmoqda. Bu yondashuv siyosiy jihatdan chuqur tahlildan ko‘ra, keng ommani qo‘rqitish va safarbar etishga qaratilgan. Amalda esa Rossiya va Xitoyning hozircha Grenlandiyani bevosita egallash salohiyati yo‘q. Bu uzoq istiqboldagi taxmin, xolos. Shunga qaramay, Tramp ushbu ehtimoldan foydalanib, elektoratini ishontirishga va agressiv tashqi siyosatni oqlashga urinmoqda.

Germaniyaning kichik harbiy kontingenti Daniyani qo‘llab-quvvatlash maqsadida Grenlandiyaga yuborilgan edi. Biroq qisqa vaqt ichida bu kuchlar ortga qaytarildi. Rasmiy Berlin buni “missiya muddatidan avval bajarildi” yoki “ob-havo sharoiti og‘irlashdi” degan izohlar bilan tushuntirdi. Ammo asosiy sabab boshqacha: Germaniya AQSh bilan ochiq qarama-qarshilikka borishni istamayapti. Bunga sabab Germaniyada AQSh harbiy kontingentining mavjudligi va Berlinning mudofaa sohasida Vashingtonga bog‘liqligidir.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron muayyan darajada muvozanat yaratishga harakat qilayotgan bo‘lsa, Germaniya Trampning jahlini chiqarmaslikni afzal bilmoqda. Bu holat Germaniyaning so‘nggi qadamlari murosadan ko‘ra, AQSh siyosatiga moslashish sifatida baholanishi mumkin.

Ikkinchi va undan ham muhim xulosa shuki, NATO ichida ichki yemirilish jarayoni kuchaymoqda. AQSh bir tomonda o‘z yo‘lini tanlayotgan bo‘lsa, Fransiya boshqa yo‘nalishda fikr bildirmoqda, Germaniya esa sukutni afzal ko‘rmoqda. Natijada xalqaro maydonda xalqaro tashkilotlarning roli asta-sekin susayib bormoqda. Buni NATO misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Donald Tramp hatto NATOning mashhur 5-moddasi o‘zaro mudofaa majburiyati masalasini ham shubha ostiga oldi. Uning bayonotlariga ko‘ra, bu mexanizm real vaziyatda ishlaydimi yoki yo‘qmi ochiq savol bo‘lib qolmoqda.

Avvalgi o‘n yilliklarda xalqaro tashkilotlarning nufuzi oshgan edi. Bugungi kunga kelib esa davlatlar tobora ko‘proq o‘z milliy manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ymoqda. Xalqaro tizim esa institutlardan ko‘ra, kuch va manfaatlar muvozanatiga tayangan yangi bosqichga kirib bormoqda.

Suhbatni to‘liq YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid