Jahon | 11:47
4012
4 daqiqa o‘qiladi

Sindzo Abeni otib o‘ldirgan shaxs umrbod qamoqqa hukm qilindi

2022 yilda qo‘lbola to‘pponchadan Yaponiya sobiq bosh vaziri Sindzo Abeni o‘ldirgan 45 yoshli Tetsuyu Yamagami umrbod qamoqqa hukm qilindi. U o‘z harakatini diniy tashkilotga nisbatan nafrat bilan izohlagan.

Foto: REUTERS

Yaponiyaning Nara shahri tuman sudi 45 yoshli Tetsuyu Yamagamini umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. U 2022 yil iyul oyida qo‘lbola to‘pponcha yordamida mamlakatning sobiq bosh vaziri Sindzo Abeni otib o‘ldirgan edi. Sudlanuvchi aybini tan oldi. Bu haqda chorshanba, 21 yanvar kuni AFP agentligi xabar berdi.

Umrbod qamoq jazosini prokuratura talab qildi. Prokuratura vakili bu siyosatchining o‘ldirilishini mamlakatning “urushdan keyingi tarixida misli ko‘rilmagan hodisa” deb atab, bu jinoyat jamiyat uchun “nihoyatda og‘ir oqibatlar” keltirib chiqarganini aytdi. Himoya tomoni esa mijozi uchun 20 yildan ortiq bo‘lmagan jazo so‘radi — ular Yamagami “din bilan bog‘liq zo‘ravonlik” qurboni bo‘lgani va reabilitatsiya uchun imkoniyatga loyiqligini ta’kidladi.

Yamagami hukmi e’lon qilinishiga kirish uchun deyarli 700 kishi navbatda turgan. Sud zalidagi 31 ta bo‘sh o‘rin ular orasida qur’a tashlash orqali taqsimlanganini Yaponiyaning Kyodo agentligi qayd etdi.

67 yoshli Yaponiya sobiq bosh vaziri Sindzo Abega hujum 2022 yil 8 iyul kuni sodir etilgan. U parlament saylovlariga ikki kun qolganda Nara shahrida Liberal-demokratik partiyani qo‘llab-quvvatlash mitingida nutq so‘zlayotgan bo‘lgan. Hujumchi Abening orqasidan ikki marta o‘q uzishga ulgurgan, siyosatchi ko‘krak qafasi va bo‘yin sohasidan yaralangan va bir necha soatdan so‘ng shifoxonada vafot etgan.

O‘q otgan Tetsuyu Yamagami voqea joyida qo‘lga olingan. U o‘z qilmishini cherkovga nisbatan nafrat bilan tushuntirgan: uning onasi erining o‘z joniga qasd qilishi va boshqa o‘g‘lining og‘ir ahvolidan keyin, oilani saqlab qolish umidida, 1954 yilda Seulda Mun Son Myon tomonidan tashkil etilgan Birlashish cherkoviga katta mablag‘lar xayriya qilgan (jami — taxminan 100 mln iyena yoki taxminan 540 ming yevro). Bu esa oilaning bankrot bo‘lishiga olib kelgan, natijada Yamagami oliy ta’limdan voz kechishga majbur bo‘lgan va 2005 yilda o‘z joniga qasd qilishga uringan. Shundan keyin uning akasi (yoki ukasi) ham o‘z joniga qasd qilgan.

Yamagamining aytishicha, u avval ushbu cherkov vakilini nishonga olishni rejalashtirgan, ammo oxir-oqibat Abeni tanlagan — u Abeni “tashkilot bilan yaqin bog‘liq” va uning g‘oyalarini Yaponiyada ilgari surgan, deb hisoblagan.

Sobiq bosh vazir Birlashish cherkovi a’zosi bo‘lmagan, ammo Yaponiyaning ko‘plab siyosatchilari kabi ba’zan tashkilot tadbirlarida ko‘rinish bergan. Abe o‘ldirilganidan keyingi keng jamoat rezonansi fonida mamlakatda bir nechta tekshiruv o‘tkazilib, hukmron Liberal-demokratik partiya siyosatchilari bilan mazkur tashkilot o‘rtasidagi aloqalar aniqlangan.

Shu sabab to‘rt nafar vazir iste’foga chiqqan. 2025 yil mart oyida esa Tokio sudi Birlashish cherkovini diniy tashkilot maqomidan mahrum qildi. Qaror shu bilan izohlanganki, muassasa izdoshlarni qimmat buyumlarni sotib olishga majburlab, “ularning o‘z ruhiy farovonligi haqidagi xavotirlaridan foydalangan”.

Mavzuga oid