Jahon | 17:12 / 21.01.2026
4299
3 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya rahbari: Grenlandiya bo‘yicha AQShga javob “qat’iy” bo‘ladi

YeI o‘zining xavfsizlik strategiyasini ishlab chiqmoqda va Arktika bo‘yicha strategiyasini yangilamoqda, dedi fon der Lyayyen Davosdagi JIFda. Tramp Grenlandiyaning AQShga o‘tishiga qarshi chiqqanlarga nisbatan joriy etmoqchi bo‘lgan oshirilgan bojlarni u xato deb atadi.

Foto: REUTERS

Daniyaning avtonom hududi hisoblangan Grenlandiya bo‘yicha AQSh prezidentining tahdidlariga Yevropadagi ittifoqchilarning reaksiyasi “qat’iy” bo‘ladi. Bu haqda Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen seshanba, 20 yanvar kuni Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi (JIF)da so‘zlagan nutqida ogohlantirdi.

Uning aytishicha, Yevropa “Arktika mintaqasi xavfsizligiga to‘liq sodiq” va bu borada AQShning xavotirlarini ham baham ko‘radi. Biroq, Arktika xavfsizligini faqat hamkorlikda ta’minlash mumkin, deb ta’kidladi u. “Biz Arktikada xavfsizlikni kengaytirish uchun AQSh va boshqa hamkorlar bilan ishlaymiz”, — dedi Yevrokomissiya rahbari.

Ursula fon der Lyayyen so‘zlariga ko‘ra, hozir Yevropada o‘zining xavfsizlik strategiyasi ishlab chiqilmoqda va Arktika xavfsizligini ta’minlash uchun chora-tadbirlar paketi tayyorlanyapti. “So‘nggi geosiyosiy silkinishlar zanjiri Yevroittifoqni yangi, mustaqil Yevropani barpo etishga majbur qiladi”, — dedi u.

Shuningdek, Yevrokomissiya raisi YeIning mudofaa resurslarini ishga solib, Yevroittifoqning muzyorar kemalar va Arktikada o‘ta muhim bo‘lgan boshqa tanqidiy uskunalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish taklifini bildirdi.

Ayni paytda Yevrokomissiya raisi Daniyani to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirib, “bu mamlakatning suvereniteti va hududiy yaxlitligi muhokama mavzusi bo‘lishi mumkin emas”, dedi. Trampning Grenlandiyani AQShga qo‘shib olish niyatini qoralagan mamlakatlar tovarlariga oshirilgan bojlar joriy etish rejasini fon der Lyayyen, ayniqsa gap ittifoqchilar haqida ketar ekan, “xato” deb atadi.

Bundan oldin AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiyaning AQSh nazoratiga o‘tishi masalasini JIF doirasida muhokamaga chiqarish niyati borligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh “Grenlandiyani olishiga to‘g‘ri keladi”, chunki u Arktika mintaqasi xavfsizligini ta’minlashda ham, AQSh milliy xavfsizligi nuqtai nazaridan ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Tramp bahosicha, Daniya “Grenlandiyani himoya qila olmaydi”.

AQSh prezidenti ma’lum qilishicha, Grenlandiyaning AQShga qo‘shilishiga qarshi chiqqan, jumladan Germaniyani ham o‘z ichiga olgan sakkizta Yevropa mamlakati oshirilgan bojlarga duch keladi: 1 fevraldan bojlar 10 foiz, iyundan esa 25 foiz bo‘ladi.

22 yanvar kuni YeI mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari Grenlandiya atrofidagi vaziyat bo‘yicha Bryusselda favqulodda sammitga yig‘iladi. Shu munosabat bilan YeI iqtisodiyot bo‘yicha yevrokomissari Valdis Dombrovskis Belgiya poytaxtidagi YeI moliya vazirlari uchrashuvi oldidan: Yevroittifoq tomonidan javob bojlari joriy etilishi “istisno qilinmaydi”, dedi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid