Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy: Kiyevda bir milliondan ortiq iste’molchi elektrsiz qoldi
Kiyev meri Vitaliy Klichko aniqlashtirishicha, 4000 ta ko‘p qavatli uy issiqliksiz qolgan. Shahar rahbarining so‘zlariga ko‘ra, vaziyat murakkab - chunki uylarning katta qismi 9 yanvar kuni RF zarbalaridan keyin ikkinchi marta qayta ulanyapti.
Foto: Reuters
Kiyevda 20 yanvar holatiga ko‘ra, Rossiya tomonidan o‘qqa tutishlardan keyin bir milliondan ortiq iste’molchi hali ham elektr ta’minotisiz qolmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Telegram’da xabar qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina poytaxtida 4000 dan ziyod ko‘p kvartirali uy issiqliksiz qolgan.
Zelenskiy mahalliy amaldorlardan noan’anaviy takliflar berishni va vaziyatni barqarorlashtirish uchun energiya ishlab chiqarishni qayta taqsimlash bo‘yicha biznes bilan muvofiqlashgan holda ishlashni talab qildi. “Ertaga men aniq, ravshan harakatlar va qarorlar ro‘yxatini kutaman”, — dedi Ukraina rahbari.
Kiyevda havo harorati minus 10°C gacha tushgan.
Kiyev meri Vitaliy Klichko: “Hozir 5635 ta ko‘p qavatli uydan 4000 tasi issiqliksiz — kecha tunda dushman poytaxtga hujum qilganidan keyin ularda issiqlik ta’minoti bo‘lmagan. 1600 dan ortiq turar joy uyiga kommunal xizmatlar issiqlikni berdi”, — deb aniqlik kiritdi.
Shahar rahbarining aytishicha, vaziyat murakkab: chunki uylarning aksariyati 9 yanvar kuni RFning muhim infratuzilmaga bergan zarbalaridan keyin ikkinchi marta qayta ulanmoqda.
Klichko shuningdek, Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) Kiyevga ikkita mini-issiqlik elektr stansiyasi (mini-IES) yetkazib berishini aytdi. Imzolangan memorandumga ko‘ra, ular kelasi haftada Ukraina poytaxtiga olib kelinadi.
Mer qo‘shimcha qilishicha, Kiyevda elektr va issiqlik ishlab chiqaradigan beshta kogeneratsiya qurilmasi o‘rnatilgan. Ulardan ikkitasi ishga tushirilgan. Qolgan uchtasi bo‘yicha ishga tushirish–sozlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
20 yanvar ertalabki holatga ko‘ra, Kiyevda yorug‘lik, suv va issiqlik ta’minotidagi uzilishlar asosan Dniproning chap sohilida qayd etilgan. Ijtimoiy infratuzilma obektlari avtonom oziqlantirish (mustaqil elektr manbai) rejimiga o‘tkazilgan.
RF Qurolli kuchlari 20 yanvar kechasi Ukrainaga raketa va dronlardan zarbalar bergan. Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, bu paytda 342 ta nishon urib tushirilgan yoki bostirilgan: 315 ta dron, 13 ta X-101 qanotli raketa va 14 ta “Iskander” ballistik raketasi. Hujumning asosiy yo‘nalishi Kiyev viloyati bo‘lgan.
Mavzuga oid
11:05
Ukraina: Chernobil atom elektr stansiyasi energiya tizimiga ulangan
19:16 / 20.01.2026
Ukraina bo‘ylab yangi zarbalar: Kiyevda yana 6 mingta ko‘p qavatli uy issiqliksiz qoldi
08:40 / 20.01.2026
«Metan zapravkalar» faoliyatiga yana vaqtincha cheklov kiritildi
13:17 / 17.01.2026