Iqtisodiyot | 12:29
667
3 daqiqa o‘qiladi

2025 yilda O‘zbekiston mahsulotlari 75 ta davlatga eksport qilingan

Qozog‘istonning Tribune nashri O‘zbekiston prezidenti boshchiligida TIV va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati muhokama qilingan yig‘ilish haqida maqola e’lon qildi. Materialda 2025 yilda tashqi savdo aylanmasi ilk bor 80 mlrd dollardan oshgani, 2026 yil uchun esa eksportni 40 mlrd dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilgani qayd etilgan.

Qozog‘istonning Tribune nashrida O‘zbekiston prezidenti boshchiligida Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Materialda yozilishicha, 2025 yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi ilk bor 80 milliard dollardan oshgan. Yil yakunlariga ko‘ra, eksport hajmi 33,5 milliard dollarga yetgan, xorijiy investitsiyalar oqimi esa 43 milliard dollardan ortgan.

Qayd etilishicha, o‘tgan yilgi xalqaro tashriflar, muzokaralar va iqtisodiy forumlar davomida umumiy qiymati 160 milliard dollarlik kelishuvlar imzolangan. Shuningdek, eksport geografiyasi kengayib, O‘zbekiston mahsulotlarini 75 ta davlatga yetkazib berish qariyb 4,5 milliard dollarga oshgan.

Yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy diplomatiyaning yanada amaliy modeliga o‘tishini ma’lum qilgan. Elchilar faoliyati uchun asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari sifatida ular ish olib borayotgan mamlakatlardan eksportni oshirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish va fuqarolarni chet elda qonuniy ish o‘rinlariga joylashtirishga ko‘maklashish kabi yo‘nalishlar belgilanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda yengil sanoatni rivojlantirish va to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Yengil sanoatni rivojlantirish agentligining AQSh, Turkiya, BAA, Xitoy, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Polshada vakolatxonalarini ochish rejalashtirilgan. Tribune yozishicha, mazkur mamlakatlarda to‘qimachilik mahsulotlari importining umumiy hajmi 90 milliard dollarga baholanmoqda.

Shu bilan birga, kamida 15 ta xorijiy kompaniya va xalqaro brendlarni O‘zbekistonga jalb qilish, sohadagi 100 ta korxonada Better Work, BCI va Organic standartlarini joriy etish vazifasi qo‘yilgan. Viloyat hokimlariga elchixonalar bilan hamkorlikda 500 ta yirik to‘qimachilik eksportyorlari mahsulotlari namunalarini xorijdagi diplomatik vakolatxonalarga joylashtirish topshirilgan.

Materialda 2026 yil uchun yangi maqsadli ko‘rsatkichlar ham keltirilgan: eksport hajmini 40 milliard dollarga yetkazish va 50 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish. Elchilarga hududlarning raqobat ustunliklarini tahlil qilish va asosiy e’tiborni investorlar, texnologiyalar hamda yangi bozorlarni jalb etishga qaratish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, Tribune'ga ko‘ra, O‘zbekistonning AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya, Xitoy, Yaponiya va Singapurdagi elchixonalariga O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun dunyoning eng yaxshi 100 talik reytingidagi universitetlarni jalb qilish choralarini ko‘rish topshirilgan.

Mavzuga oid