Iqtisodiyot | 17:31
1300
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025 yilda 7,7 foizga o‘sdi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 1 kvadrillion 849 trillion 650 mlrd so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yilda sanoat 6,8 foizga, qurilish 14 foizga, xizmat ko‘rsatish 8,5 foizga, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi 4,4 foizga o‘sdi. Dollardagi YaIM 147 mlrddan oshgan.

Foto: Kun.uz

2025 yilning yanvar-dekabr oylarida O‘zbekiston yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi joriy narxlarda 1 kvadrillion 849 trillion 650 mlrd so‘mni tashkil etdi va 2024 yilning mos davriga nisbatan 7,7 foizga o‘sdi, deya xabar berdi Milliy statistika qo‘mitasi.

O‘tgan yilda sanoat 6,8 foizga, qurilish 14 foizga, xizmat ko‘rsatish 8,5 foizga, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi 4,4 foizga o‘sdi.

Mamlakatdagi inflatsiya darajasi 7,3 foizni tashkil etdi. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 5,4 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari 5,1 foizga, xizmatlar esa 13,9 foizga qimmatlashdi.

2025 yilda barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 591 trln 141 mlrd so‘m bo‘ldi. Bunda 2024 yilning mos davriga nisbatan 10,5 foiz o‘sish qayd etildi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yilda O‘zbekiston YaIM 147 mlrd dollardan oshgan.

«2025 yilda AQSh dollarining o‘rtacha tortilgan kursi 12 577,35 so‘mdan iborat bo‘lgani hisobga olinsa, O‘zbekiston YaIM 147,06 mlrd dollarga yetgan», deydi Bakirov.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning qayd etishicha, o‘tgan yilda dollardagi YaIM 21,1 foizga o‘sgan va bu yangi davr uchun mutlaq rekord. Taqqoslash uchun 2024 yilda dollardagi YaIM 12,9 foizga ko‘paygan. Jon boshida YaIM esa barcha kutilma va prognozlarni ortda qoldirib 3844 dollarga yetgan.

«2021 yil bilan taqqoslaganda YaIM 81 foizga, jon boshiga YaIM esa 65,3 foizga oshgan. Taqqoslash uchun 2017-2021 yillarda YaIM 12,4 foizga, jon boshiga YaIM esa 4,3 foizga oshgandi.

Bunda, birinchi davrda milliy valutaning devalvatsiya qilinishi hamda pandemiya dollardagi YaIMning o‘sishiga salbiy ta’sir qiluvchi faktorlar bo‘lgan. 2021-2025 yillardagi yuqori o‘sishga esa maqbul global shart-sharoitlar (masalan, 2021-2025 yillarda oltin narxi qariyb 2,5 barobar oshdi), investitsiyalarning yuqori o‘sishi hamda prosiklik fiskal siyosatning davom ettirilishi ijobiy ta’sir qilgan», deya yozadi iqtisodchi.

Mavzuga oid