Jahon | 07:50
6400
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Kremlda Trampning vakillari bilan uchrashdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Yuriy Ushakov va Kirill Dmitriyev AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff, Trampning kuyovi Jared Kushner va katta maslahatchi Josh Gryunbaum bilan yopiq eshiklar ortida uchrashdi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Trampning vakillari — uning maxsus elchisi Stiv Uitkoff, Oq uyning katta maslahatchisi Josh Gryunbaum, shuningdek Trampning kuyovi Jared Kushner payshanba kuni, 22 yanvarda Kremlda yopiq eshiklar ortida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, RF tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan urushni to‘xtatish yo‘llarini navbatdagi marta muhokama qildi. 2017 yil yanvaridan 2021 yil yanvarigacha Trampning katta maslahatchisi lavozimida ishlagan Kushner hozir AQSh ma’muriyatida rasmiy lavozimga ega emas, biroq u qaynotasiga ta’sirini saqlab qolgan va Oq uyning diplomatik hamda siyosiy tashabbuslarida ishtirok etadi.

Gryunbaum — AQSh Umumiy xizmatlar ma’muriyati tarkibidagi Federal xaridlar xizmati komissari bo‘lib, Tramp tomonidan yaqinda tashkil etilgan “Tinchlik kengashi”ning katta maslahatchisi etib tayinlangan, u muzokaralarda birinchi marta qatnashdi.

Kreml matbuot xizmatiga ko‘ra, suhbat 3 yarim soatdan ortiq davom etgan. Rossiya tomonidan unda Putindan tashqari uning yordamchisi Yuriy Ushakov hamda RF prezidentining maxsus vakili, Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RTIJ) bosh direktori Kirill Dmitriyev ishtirok etgan. Kutilishicha, ushbu muzokaralar yakunlari bo‘yicha Ushakov OAV uchun telefon orqali brifing o‘tkazadi.

Uitkoff va Putin o‘rtasidagi shunga o‘xshash oldingi uchrashuv 2025 yil dekabri boshlarida bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda muzokaralar besh soat davom etgan, ammo katta yutuq keltirmagan, deb esga oladi dpa agentligi.

TASS agentligi Putinning ushbu uchrashuv arafasidagi bayonotlariga tayanib xabar berishicha, tomonlar boshqa masalalar qatori Tramp Falastin-Isroil va boshqa mojarolarni hal etish uchun tashkil etgan “Tinchlik kengashi”ga Rossiyani taklif qilish, shuningdek AQSh hududida muzlatilgan Rossiya aktivlarining taqdiri haqida ham gaplashishni rejalashtirgan.

Bundan oldin, 21 yanvar kuni Putin RF mazkur aktivlardan “Tinchlik kengashi”ga 1 mlrd dollar yo‘naltirishi, qolgan qismini esa Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davomida zarar ko‘rgan hududlarni tiklashga berish mumkinligini aytgan. Gap Kiyev nazoratidagi hududlar haqida ketyaptimi yoki Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan hududlar haqidami — Rossiya prezidenti aniq aytmagan.

Kutilishicha, Ukrainada tinchlik yo‘lidagi kelishuv bo‘yicha muzokaralar 23 yanvar kuni Abu-Dabida davom etadi. Uzoq vaqtdan beri birinchi marta u yerda Moskva va Kiyev vakillari bevosita uchrashadi. AQSh esa vositachi sifatida ishtirok etadi.

Mavzuga oid