O‘zbekiston | 18:47
2386
2 daqiqa o‘qiladi

2 mingta dori narxi 40-60 foizga tushirildi - Farmagentlik

5 dekabr kuni 2 mingta preparatning referent narxlari o‘rtacha 40-60 foizga tushirildi, bu – chakana narxlar ko‘rinishida aholiga 1 martdan e’tiboran sezila boshlaydi, dedi Farmatsevtika agentligi direktori Abdulla Azizov. Uning so‘zlariga ko‘ra, yil oxirigacha yana 4 mingta (jami 6 mingta) import dorining narxi pasaytiriladi. Joriy yilda elektron retsept tizimiga to‘liq o‘tish ko‘zda tutilgan.

"O‘zbekiston 24" lavhasidan kadr

Farmatsevtika agentligi direktori Abdulla Azizov dori vositalari uchun referent narxlar tushirilayotganini ma’lum qildi.

“5 dekabrda 2 mingta dori preparatining narxlarini distribyutorlar uchun o‘rtacha 40-60 foizga tushirdik, bu – yurtimizga 70 mln dollar qaytishiga olib keldi”, – dedi Azizov 20 yanvar kuni prezident huzuridagi yig‘ilishdan keyin “O‘zbekiston 24”ga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2 mingta preparat uchun referent narxlar pasaygani – dorixonalardagi chakana narxlarda 1 martdan boshlab aks etadi.

“Yangi nizom ishlab chiqilgan, unga ko‘ra yana 4 mingta import dori vositasining narxi tushishi kutilyapti. Ya’ni yil davomida 6 mingga yaqin dori vositalarining narxi tushadi”, dedi Farmagentlik rahbari.

U, shuningdek, 2026 yilda elektron retsept tizimi to‘liq ishga tushirilishini ma’lum qildi.

“Hozirgi kunda 400 mingdan ortiq (taqdimotda 387 mingta ko‘rsatilgan – tahr.) elektron retsept yozib berilgan, lekin shundan bor-yo‘g‘i 54 mingtasi dorixonalarda realizatsiya qilingan.

Bosh prokuratura bilan birgalikda, ishlarimizni jadallashtiradigan bo‘ldik. Dorixonalarning tekshiruvi, ular haqiqatan ham elektron retseptdan foydalanyaptimi – nazoratga olamiz. Shu bilan birga, Soliq qo‘mitasidan ham ma’lumotlarni olib, garmonal yoki antibiotik dori preparatlari elektron retsept asosida sotilayotgani yoki sotilmayotganini nazoratga olamiz”, – dedi Abdulla Azizov.

Mavzuga oid