O‘zbekiston | 16:03 / 24.01.2026
2152
2 daqiqa o‘qiladi

Olis mahallalarda davlat xizmatlari “bir qadam” tamoyili asosida ko‘rsatiladi

Tumanlarning olis hududlarida yashovchi aholi uchun davlat, bank va boshqa xizmatlarning “bir qadam” tamoyilida ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida mahalla axborot va servis markazlarini tashkil etish bo‘yicha yangi tashabbus ilgari surildi. Loyiha ilk bosqichda eksperiment tariqasida ikki hududda sinovdan o‘tkaziladi.

Foto: Kun.uz

Taqdim etilayotgan taklifga ko‘ra, eksperiment tariqasida Sirdaryo viloyatining Xovos tumani hamda Namangan viloyatining Yangi Namangan tumanida mahalla axborot va servis markazlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Markazlar faoliyatini tuman markazidan, qoida tariqasida, 20 kilometr va undan olisda joylashgan 5 ta mahallada yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, ushbu markazlarga yondosh mahallalarni tuman hokimligi tomonidan biriktirish mexanizmi ham nazarda tutilgan.

Mazkur markazlarda aholiga barcha turdagi davlat xizmatlari hamda bank xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Shuningdek, fuqarolarning tibbiy xizmatlardan foydalanishi uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni tezkor rasmiylashtirish sharoitlarini yaratish ham rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida markazlarda biriktirilgan mahallalar bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar, infratuzilma va ijtimoiy obektlar holati, tomorqa va bog‘lar, profilaktika kabi yo‘nalishlarga oid ma’lumotlarni qamrab oluvchi situatsion boshqaruv platformasi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Eksperiment natijalariga ko‘ra, mazkur amaliyotni boshqa hududlarda ham joriy qilish yuzasidan asosli takliflar tayyorlash hamda yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti huzurida taqdimot qilish rejalashtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid