Avto | 12:48
1337
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yengil avtomobil ishlab chiqarish statistikasi e’lon qilindi

2025 yilda O‘zbekistonda 457 883 dona yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 28,7 ming donaga ko‘paygan.

Foto: Kun.uz

Milliy statistika qo‘mitasi 2025 yil yakunlari bo‘yicha mamlakatda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar to‘g‘risidagi dastlabki statistik ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, yil davomida respublikada turli rusumdagi 457 883 dona yengil avtomobil ishlab chiqarilgan.

Qayd etilishicha, ushbu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 28,7 ming donaga yuqori bo‘lib, avtosanoatda barqaror o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatadi.

Ishlab chiqarilgan avtomobillar rusumlar kesimida quyidagicha taqsimlangan:

  • Cobalt — 161 152 dona;
  • Damas — 93 681 dona;
  • Tracker — 50 362 dona;
  • Onix — 33 122 dona;
  • KIA — 26 317 dona;
  • BYD — 20 200 dona;
  • Chery — 9 354 dona;
  • Haval — 9 344 dona;
  • Tank 500 — 50 dona;
  • maxsus yengil avtomobillar — 54 301 dona.

Ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Cobalt (161 mingdan ortiq) va Damas (93 mingdan ziyod) yetakchi o‘rinlarni saqlab qolmoqda. Shu bilan birga, Tracker, Onix, KIA va BYD kabi zamonaviy modellar ulushi ham izchil ortib bormoqda.

Ishlab chiqarish hajmining o‘sishi ichki bozorda talab saqlanayotgani, shuningdek, mahalliy avtosanoat quvvatlarining bosqichma-bosqich kengayib borayotgani bilan izohlanadi.

Mavzuga oid