O‘zbekiston | 09:20 / 24.01.2026
2571
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston-O‘zbekiston: “Do‘stlik” kanali tozalanadi, Sirdaryoda 10 gidropost o‘rnatiladi

Qozog‘istonning Kazinform xalqaro axborot agentligida ikki davlat o‘rtasida suv-energetika sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi. Unda “Do‘stlik” davlatlararo kanalini tozalash va Sirdaryoda 10 ta avtomatlashtirilgan gidropost o‘rnatish rejalari ma’lum qilingan.

Qozog‘istonning Kazinform xalqaro axborot agentligida Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Nashrda qayd etilishicha, Turkiston viloyatida o‘tkazilgan qo‘shma ishchi guruh yig‘ilishida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha qator takliflar ishlab chiqilgan. Uchrashuvda Qozog‘iston suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov, O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev hamda Turkiston viloyati hokimi Nuralxan Kosherov ishtirok etgan.

Muzokaralar davomida Markaziy Osiyoda suv-energetika hamkorligining o‘zaro manfaatli va barqaror mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilingan.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik doirasida “Do‘stlik” davlatlararo kanalini tozalash va ta’mirlash ishlariga alohida e’tibor qaratgan. Ma’lum qilinishicha, joriy yilda kanalni mexanizatsiyalashgan tarzda tozalash va bosh inshootlarni ta’mirlash ishlari davom ettiriladi.

Shuningdek, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va ulardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashishga kelishib olingan. Bundan tashqari, Sirdaryo daryosida 10 ta avtomatlashtirilgan gidropost — har bir davlat hududida 5 tadan inshoot o‘rnatish loyihasini amalga oshirishni boshlash rejalashtirilgan.

Maqolada ta’kidlanishicha, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida ishlab chiqilgan ushbu loyiha transchegaraviy suvlarni taqsimlashda shaffoflik va aniqlikni ta’minlashga qaratilgan. Ayni paytda GIZ tomonidan texnik topshiriqni ishlab chiqish ishlari yakunlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid