Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ingliz tili savodxonligi reytingi. O‘zbekiston nechinchi o‘rinda?
2025 yilgi EF English Proficiency indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston – aholisi orasida ingliz tilini bilish darajasi eng past mamlakatlar qatoridan joy oldi. Bunda eng yomon ko‘rsatkichni 18-20 yoshlilar guruhi qayd etgan bo‘lsa, 40 yoshdan katta bo‘lgan test topshiruvchilarning natijasi yaxshilangan. Hududlar miqyosida eng yaxshi ko‘rsatkich Farg‘onada, eng past ko‘rsatkich Jizzaxda kuzatilgan.
Dunyo mamlakatlarida ingliz tilini bilish darajasini baholovchi eng yirik reyting – EF English Proficiency Index 2025 yilgi hisobotini e’lon qildi. O‘zbekiston – aholisi orasida ingliz tilini bilish darajasi eng past mamlakatlar qatorida qolyapti.

O‘zbekiston nechinchi o‘rinda?
2025 yil uchun reytingda O‘zbekiston 123 ta mamlakat orasida 104-o‘rinda qayd etilgan. Bu o‘tgan yillardagidan pastroq: 2024 yilda O‘zbekiston 114 ta mamlakat orasida 98-o‘rinda, 2023 yilda esa 113 ta mamlakat orasida 93-o‘rinda edi. O‘z navbatida, o‘zbekistonliklarning ingliz tilini bilish borasidagi o‘rtacha reyting balli ham 439 dan 429 gacha pasaygan (maksimal ball – 700). Bu – SEFR shkalasi bo‘yicha B1 darajaga teng.

Mamlakatda ingliz tilini bilish darajasi hududlar kesimida sezilarli darajada farq qiladi. Bu borada 470 ball bilan Farg‘ona viloyati birinchi o‘rinda boryapti. Andijon viloyati 453 ball bilan ikkinchi o‘rinda qayd etilgan. Toshkent viloyati – uchinchi o‘rinda. Yuqori beshlikdan Buxoro (436) va Surxondaryo (431) viloyatlari ham joy olgan. Eng past ko‘rsatkich Qashqadaryo (412 ball), Sirdaryo (409) va Jizzax (395) viloyatlarida qayd etilgan.
Shaharlar miqyosida ham Farg‘ona birinchi o‘rinda ekani e’tiborga molik: bu shahardan test topshirganlarning o‘rtacha balli 470 bo‘lgan. Shaharlar bo‘yicha top-beshtalikka Toshkent (469), Qarshi (440), Andijon (439) va Namangan (430) kirgan.

Yana bir jihat: eng past ko‘rsatkichlarni 18-20 yoshlilar guruhi qayd etgan bo‘lsa, 30-40 yosh va 40 yoshdan katta bo‘lgan test topshiruvchilarning natijasi yaxshilangan.

O‘zbekiston ushbu tadqiqotga 2018 yildan boshlab qamrab olingan, o‘shanda 88 ta mamlakat orasida 86-o‘rinda qayd etilgandi. Mualliflar u yoki bu mamlakat haqida muayyan xulosalar chiqarish uchun yetarlicha ma’lumotlar mavjud deb hisoblab, reytingga kiritishi uchun imtihonlarda kamida 400 kishi qatnashishi zarur.
Global reyting
2025 yilgi reyting dunyo bo‘yicha ingliz tilini ikkinchi yoki xorijiy til sifatida o‘rgangan 2,2 million kishining imtihon natijalari asosida tuzilgan. Natijalarga ko‘ra, Niderlandiya ketma-ket yettinchi marta birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Xorvatiyaliklar ikkinchi, avstriyaliklar uchinchi o‘rinni egallagan.
Qo‘shni mamlakatlardan Turkmaniston 91-o‘rinda, Afg‘oniston 96-o‘rinda, Qirg‘iziston 101-o‘rinda, Qozog‘iston 107-o‘rinda va Tojikiston 110-o‘rinda qayd etilgan.
«Bu nashr ilk bor gapirish va yozish bo‘yicha baholash natijalarini ham o‘z ichiga oladi va shu orqali avvalgi nashrlarga qaraganda ingliz tilini bilish darajasi haqida yanada kengroq tasavvur beradi. 2024 yilgacha EF SET faqat ingliz tilining qabul qiluvchi ko‘nikmalari – o‘qish va tinglab tushunishni baholagan. 2024 yilning birinchi yarmida ishlab chiqaruvchi ko‘nikmalarni (yozish va gapirish) baholash uchun yangi bo‘limlar joriy etildi. Ushbu bo‘limlar ixtiyoriy bo‘lib, test topshiruvchilarning aksariyati hanuzgacha faqat qabul qiluvchi ko‘nikmalarini tasdiqlash bilan cheklanyapti», deyiladi hisobotda.
EF SET – Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilingan CEFR tizimi asosida standartlashtirilgan testlar bo‘lib, undan til o‘rganuvchilar imtihonlarga tayyorlanish va o‘z bilimiga mustaqil baho berish uchun foydalanishadi. Shuningdek, EF SET – imtihonlarda foydalanish uchun mustaqil test manbasi hamdir. Onlayn testni topshirish bepul. Tadqiqotda faqat 18 yosh va undan yuqori respondentlarning natijalari inobatga olinadi, indeksda keskin tebranishlar bo‘lishining oldini olish uchun oxirgi 3 yillikdagi natijalarga qaraladi.
«Mazkur indeksda aks etgan test topshiruvchilar guruhi o‘z ixtiyori bilan qatnashgan shaxslardan iborat bo‘lib, u umumiy aholining til bilish darajasini to‘liq ifodalay olmaydi. Testlarda faqat ingliz tilini o‘rganishni istagan yoki o‘z bilim darajasini bilishga qiziqqan shaxslar qatnashadi. Bu holat natijalarni umumiy aholiga nisbatan pastroq yoki yuqoriroq ko‘rsatishi mumkin», deyiladi hisobotda.
Reyting muallifi EF Education First – 1965 yilda Shvetsiyada asos solingan kompaniya. EF – o‘rta, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’limda xorijiy tillarga o‘qitishning akademik dasturlarini ishlab chiqish va ta’lim turizmi bilan shug‘ullanadi.
Mavzuga oid
07:37 / 22.01.2026
25 yilda katta burilish: eng yirik iqtisodiyotlar reytingi yangilandi
14:12 / 21.01.2026
Oliy ta’lim tashkilotlari milliy reytingi yuritiladi
18:30 / 19.01.2026
Turkmaniston possovet hududidagi eng hushyor mamlakat deb tan olindi
07:44 / 19.01.2026