Jahon | 09:01
1436
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: AQShning Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari 100 foizga tayyor

AQShning Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi hujjat imzolashga to‘liq tayyor, Kiyev imzolash sanasi tasdiqlanishini kutayapti dedi Volodimir Zelenskiy Vilnyusda. Litva prezidenti Gitanas Nauseda esa Rossiyani Ukrainada tinchlikdan bo‘yin tovlayotganlikda aybladi.

Foto: Kuba Stezycki/REUTERS

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, AQShning uning mamlakati uchun xavfsizlik kafolatlari to‘liq kelishilgan.

“Hujjat 100 foizga tayyor va biz sheriklarimiz uni imzolash sanasi hamda joyini tasdiqlashini kutyapmiz”, — dedi u yakshanba, 25 yanvar kuni Vilnyusda Litva prezidenti Gitanas Nauseda bilan uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Ukraina prezidentining qo‘shimcha qilishicha, xavfsizlik kafolatlari haqidagi hujjat keyinchalik AQSh Kongressi va Ukraina Oliy radasiga ratifikatsiya qilish uchun yuboriladi.

Zelenskiy shuningdek Abu-Dabidagi uch tomonlama muzokaralarda “20 punktli reja va muammoli masalalar” muhokama qilinganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday masalalar “juda ko‘p edi, hozir esa kamaydi”.

U Ukrainaning Donbass bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmaganini ta’kidladi: “Biz o‘z davlatimiz uchun urishyapmiz, o‘zimiz uchun. Biz boshqa davlat hududida urishmayapmiz, demak bizga qanday savollar bo‘lishi mumkin?” — dedi Ukraina prezidenti.

Uning aytishicha, Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solishga erishishga urinayotgan AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukraina va RFning mutlaqo turlicha prinsipial pozitsiyalari o‘rtasida murosani topishga harakat qilyapti.

“Biz uch tomonlama formatda muloqot qilishga boryapmiz. Bu — shunday ilk qadamlar, balki aynan o‘sha murosani topish uchundir. Lekin murosa bo‘lishi uchun barcha tomonlar murosaga tayyor bo‘lishi kerak. Aytgancha, Amerika tomoni ham”, — deya qo‘shimcha qildi u.

O‘z navbatida Litva prezidenti Rossiyani Ukrainada barqaror va adolatli tinchlikka erishish bo‘yicha majburiyatlardan bo‘yin tovlayotganlikda aybladi. Nausedaning eslatishicha, RF o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi chaqiriqlarni ham rad etmoqda.

Shu bilan birga, u Ukraina 2030 yilgacha Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lishi kerak, degan ishonchini bildirdi. Ukrainaning YeIga kirishi Litvaning strategik manfaatidir va butun mintaqada barqarorlikka qadam, deb ta’kidladi u.

Abu-Dabida 23–24 yanvar kunlari AQSh vositachiligida RF va Ukraina vakillarining Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini yakunlash bo‘yicha ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Zelenskiy ularni ijobiy baholab, “konstruktiv” deb atadi. Zelenskiyning aytishicha, muhokama urushni tugatishning ehtimoliy parametrlari va buning uchun zarur bo‘lgan Ukraina xavfsizlik kafolatlariga qaratilgan. Keyingi raund 1 fevral kuni bo‘lib o‘tishi kerak.

Muzokaralar boshlanishidan sal oldin Moskva Ukraina armiyasini butun Donbassdan, shu jumladan avval Rossiya nazoratida bo‘lmagan hududlardan ham chiqarish haqidagi o‘zining eng yuqori talabini tasdiqladi. Ukraina buni qat’iy rad etadi.

Muzokaralarning birinchi kunidan keyin RF Ukrainaga qarshi yana bir yirik ko‘lamli raketa-dron hujumini amalga oshirdi. Kiyevda esa Rossiya raketalari, jumladan, tinchlik jarayoniga qarshi ham yo‘naltirilgani ma’lum qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid