Jahon | 11:30
1553
5 daqiqa o‘qiladi

Abu-Dabi muzokaralari fonida Ukrainaga hujumlar kuchaydi

Germaniya mudofaa vaziri Pistorius AQSh ishtirokida davlatlar o‘rtasida ilk uch tomonlama muzokaralar o‘tayotgan bir paytda RFning Ukrainaga bergan zarbalarini “ayniqsa pastkashlik” deb baholadi. U sodir bo‘layotgan hodisalarni Ukraina aholisiga qarshi “terror” deb atadi.

Foto: Reuters

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius AQSh ishtirokida davlatlar o‘rtasida ilk uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tgan paytda (Abu-Dabida 23–24 yanvar) Rossiyaning Ukraina energetika infratuzilmasiga qilgan hujumlarini “ayniqsa pastkashlik” deb atadi. Bu haqda u 26 yanvar, dushanba kuni Berlinda Litva mudofaa vaziri Robertas Kaunas bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida bayonot berdi.

Pistoriusning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qattiq qishda fuqarolik energetika infratuzilmasiga “tinmay kuch va shafqatsizlik bilan” zarbalar bermoqda. Vazir bu holatni “xalqaro huquqni buzgan holda Ukraina aholisiga qarshi terror” deb atadi.

Pistorius ta’kidlashicha, hujumlar ko‘paygani fonida Ukraina havo mudofaa tizimlari uchun o‘q-dorilarga muhtoj. Vazirning aytishicha, Germaniya Iris-T tizimlarini Ukrainaga “deyarli uzluksiz” yetkazib beryapti. Ammo AQShning Patriot tizimlarini hozircha yetkazib berish imkonsiz, chunki Bundesver o‘z zaxiralarining “uchdan biridan ko‘prog‘ini” allaqachon berib bo‘lgan va hozir AQShdan yangi yetkazib berishlarni kutyapti.

25 yanvarga o‘tar kechasi Ukraina yana RF tomonidan raketa va dronlar bilan navbatdagi ommaviy o‘qqa tutishga uchradi. Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari ukrain hududlariga “Iskander-M” turidagi 2 ta ballistik raketa va 102 ta hujumkor dron uchirgan. Ukraina ma’lumotiga ko‘ra, 87 ta dron urib tushirilgan, biroq 15 ta hujumkor dronning 10 ta turli nuqtaga urilgani ham qayd etilgan.

Hujumlar muzokara kunlari — 23 va 24 yanvarda ham bo‘lgan. Da’vo qilinishicha, o‘sha paytda RF 370 dan ortiq hujumkor dron va turli turdagi 21 ta raketani ishlatgan. 24 yanvardagi hujumning asosiy nishoni Kiyev bo‘lgan: u yerda muhim infratuzilma obektlariga zarba berilgan. Natijada Ukraina poytaxtidagi taxminan 6000 ta turar joy uyi isitishsiz qolgan. 26 yanvarga kelib, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bunday uylar soni 1200 tadan ko‘proq.

Ukraina rahbarining aytishicha, o‘tgan hafta davomida Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga 1700 dan ortiq hujumkor dron, 1380 dan ortiq boshqariladigan aviabomba va turli turdagi 69 ta raketa uchirgan. Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga esa mamlakatga otilgan raketalar “faqat odamlarimizni emas, balki muzokaralar stoli(ni) ham urdi”, deb aytgan.

AQSh, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi ikki kunlik muzokaralar 23–24 yanvar kunlari Abu-Dabida yopiq tarzda bo‘lib o‘tgan. Kiyev delegatsiyasiga Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Rustem Umerov rahbarlik qilgan. Muzokaralarda prezident ofisining rahbari Kirill Budanov ham ishtirok etgan. Rossiya tomonidan BAAda Mudofaa vazirligi amaldorlari — Bosh shtab Bosh boshqarmasi rahbari Igor Kostyukov boshchiligida — qatnashgan. Volodimir Zelenskiy muzokaralarga ijobiy baho berib, ularni “konstruktiv” deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, muhokama urushni tugatishning ehtimoliy parametrlari va Ukraina uchun zarur xavfsizlik kafolatlariga qaratilgan.

Uch davlat vakillari urush boshlanganidan beri birinchi marta AQShning tinchlik rejasi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri maslahatlashuvlar o‘tkazgan. Muzokaralar boshlanishidan sal oldin Moskva o‘z talabini — Ukraina armiyasi Donetsk viloyatining butun hududidan, shu jumladan hozircha Rossiya nazoratida bo‘lmagan qismlaridan ham chiqib ketishi kerakligini yana tasdiqlagan. Ukraina esa bundan qat’iy bosh tortmoqda.

Zelenskiy aytishicha, Ukraina, Rossiya va AQSh delegatsiyalarining uch tomonlama muzokaralarining yangi raundi Abu-Dabida 1 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov yangi uchrashuv shu hafta bo‘lishini tasdiqlagan, ammo aniq sanani aytmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid