Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Huquq-tartibot tizimi poytaxtdagi yangiliklarga mos ishlamayapti» – prezident
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat va jamiyat xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid qilayotgan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta’sirchan choralarni belgilash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi tanqidiy ruhda boshlandi.
«Bu muammolarning har biri alohida-alohida xavfli. Lekin ular bir bo‘lib harakat qilayotgani yanada jiddiy tahdidni yuzaga keltiradi», – dedi prezident.
Yig‘ilish Toshkent shahrida o‘tayotgani bejiz emas. So‘nggi to‘qqiz yilda poytaxtning doimiy aholisi 1 millionga ko‘paydi, transport vositalari 2 karra ortib, 800 mingga yetdi. Kuniga yana 1 million odam keladi, 350 ming transport kirib-chiqadi.
42 ta maktab, 426 ta bog‘cha, qariyb 36 million kvadrat metr savdo obekti va 145 ming xonadonli uy-joy qurildi. Poytaxt iqtisodiyoti 367 trillion so‘mdan, uning jon boshiga yillik hajmi esa 116 million so‘mdan oshdi.
Ya’ni Toshkent shahri nafaqat vazirliklar joylashgan ma’muriy hudud, balki respublikaning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy markazi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamladi. Bir so‘z bilan aytganda, poytaxtda iqtisodiy rivojlanish darajasi sezilarli oshdi.
Qayerda hayot sifati yaxshilansa, daromad ko‘paysa, o‘sha yerda «yengil pul topish» harakatida bo‘lgan jinoiy tuzilmalar ham faollashadi. Jinoyatning yangi usul va vositalari ham, eng avvalo, shu yerda paydo bo‘ladi.
«Lekin huquq-tartibot tizimi poytaxtdagi yangiliklarga mos ishlayaptimi? Afsuski, yo‘q», – dedi davlat rahbari.
Poytaxtning huquq-tartibot idoralari rahbarlari – prokuror vazifasini bajaruvchi A.O‘rmonov, ichki ishlar (Sultonxo‘jayev), departament (birinchi o‘rinbosar Kenjayev), xavfsizlik (Berliboyev), gvardiya (Ortiqov), sud (Ismoilov), adliya (birinchi o‘rinbosar Nazarov), bojxona (Saidov), soliq rahbari (Nasimjonov) respublikaga namuna bo‘lmayapti. Buning uchun poytaxtda resurs ham, kuch-vositalar ham, ilmiy salohiyat ham yetarli bo‘lishiga qaramasdan, haligacha eski «qolip»dan chiqib keta olmayotgani tanqid qilindi.
Bu yil «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili», deb nomlandi. Har qanday huquqbuzarlikning oldini olishda asosiy bo‘g‘in – mahalla profilaktikasi. Lekin Toshkent shahridagi profilaktika xizmatlarining ishi to‘g‘ri tashkil etilmagani uchun muammolar to‘planib qolgani qayd etildi.
Ichki ishlar boshliqlari profilaktika inspektorlarini ertalab soat yettida va kechqurun o‘nda yig‘ib, soatlab yig‘in o‘tkazadi. Ular huquqbuzarlik bilan ishlash o‘rniga kommunal qarzdorlik va aliment undirish, armiyaga yuborish va boshqa jamoat ishlariga ham jalb qilinyapti.
«Oqibatda ularni mahalladan topib bo‘lmaydi. Bir nechta mahallaga o‘zim odam yubordim. Ko‘pi ish joyida yo‘q yoki boshqa ishni qilib yuribdi», – dedi prezident.
Mavzuga oid
16:50
Prezident aksar sportchilar ko‘cha bezorisiga aylanib ketayotganidan xavotir bildirdi
16:33
«Narkotik uchun oyiga o‘rtacha 20−25 mln so‘m sarflayapti» – prezident yoshlar orasidagi giyohvandlik muammosi haqida
15:32
Huquq-tartibot sohasiga yosh va talabchan rahbarlar kerak – prezident
14:49