Jahon | 22:53 / 27.01.2026
1552
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni ulkan Mukaab kubi loyihasini muzlatib qo‘ydi – OAV

Mukaab binosi New Murabba loyihasining bir qismi bo‘lib, Saudiya Arabistoni suveren jamg‘armasi (PIF) tomonidan amalga oshiriladigan giga-loyiha deb ataldi. Biroq, xarajatlarni optimallashtirish zarurati tufayli jamg‘arma eng ambitsiyali tashabbuslarni qisqartirmoqda yoki kechiktirmoqda.

Foto: Public Investment Fund

Saudiya Arabistoni poytaxt Ar-Riyoz shahrining yangi ishbilarmonlik hududi markaziy elementiga aylanishi kerak bo‘lgan kub shaklidagi ulkan osmono‘par bino – Mukaab loyihasini amalga oshirishni vaqtincha to‘xtatdi.

Reuters vaziyatdan xabardor bo‘lgan to‘rtta manbaga tayanib xabar berishicha, qirollik hukumati budjet cheklovlarining o‘sishi va «Vision 2030» dasturi doirasida ustuvorliklarni muvozanatlash fonida loyihani moliyalashtirish va umumiy maqsadga muvofiqligini qayta ko‘rib chiqmoqda.

Mukaab binosi New Murabba loyihasining bir qismi bo‘lib, Saudiya Arabistoni suveren jamg‘armasi (PIF) tomonidan amalga oshiriladigan giga-loyiha deb ataldi. Biroq, xarajatlarni optimallashtirish zarurati tufayli jamg‘arma eng ambitsiyali tashabbuslarni qisqartirmoqda yoki kechiktirmoqda.

Manbalarning ta’kidlashicha, Ar-Riyoz o‘ta qimmat futuristik loyihalardan, xususan, NEOM va The Line’dan bosqichma-bosqich voz kechib, ko‘proq dolzarb yoki tezroq foyda keltirishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarga o‘tmoqda. «Expo 2030» va 2034-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga infratuzilmani tayyorlash, qiymati 60 milliard dollar bo‘lgan Diriyah madaniy klasteri, shuningdek, Qiddiya sayyohlik megaloyihasi diqqat markazida.

Kursni to‘g‘rilash moliyaviy bosim bilan ham bog‘liq: neft narxi barcha e’lon qilingan o‘zgarishlarni moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan darajadan ancha past bo‘lib qolmoqda.

Mukaab loyihasi 400×400 metr o‘lchamdagi metall kubni qurishni nazarda tutgan bo‘lib, uning ichida sun’iy intellektga asoslangan dunyodagi eng katta displeyli gumbaz bo‘lishi kerak edi. Mehmonlar uni balandligi 300 metrdan ortiq bo‘lgan terrasadan tomosha qilishi mumkin edi.

Biroq, uchta manbaning so‘zlariga ko‘ra, hozir tuproq va qoziq o‘rnatishdan tashqari barcha ishlar to‘xtatilgan. Mukaab keyingi taqdiri noaniq bo‘lib qolmoqda.

2025 yil oktyabr oyida PIF strategiyani o‘zgartirib, logistika, sun’iy intellekt va tog‘-kon sanoatiga e’tibor qaratayotgani haqida xabar berilgan edi. Bu 2024 yil oxirida gigaloyihalarga kiritilgan qariyb 8 milliard dollarlik investitsiyalar hisobdan chiqarilganidan keyin sodir bo‘ldi. Saudiya Arabistoni iqtisodiyot vaziri Faysal al-Ibrohim yaqinda qirollik «loyihalar muddatini o‘zgartirish yoki ko‘lamini qayta ko‘rib chiqishga» majbur bo‘lganini tan oldi.

Knight Frank hisob-kitoblariga ko‘ra, New Murabba tumanining qiymati taxminan 50 milliard dollarni tashkil qiladi. Dastlab uni 2030 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan edi, biroq hozir muddat 2040 yilga ko‘chirildi. Mukaab dizayni Makkadagi islomning asosiy ziyoratgohi bo‘lgan Ka’baga o‘xshashligi sababli ijtimoiy tarmoqlarda ham tanqidga uchradi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid