O‘zbekiston | 09:31 / 27.01.2026
6877
2 daqiqa o‘qiladi

Tog‘larda qor ko‘p: yana qorbo‘ronlari kuzatiladimi? 

Joriy hafta respublikaga Kaspiy dengizi usti hamda janubidan siklonlar kirib kelishi va mamlakat hududlariga yaxshigina yog‘ingarchiliklar ulashishi kutilmoqda. Iqlimshunos Erkin Abdulahatov yaqin o‘n kunlikdagi ob-havo kutilmalarini Kun.uz'ning jonli efirida tanishtiradi.

27 yanvardan respublikaga Kaspiy dengizi ustidan g‘arbiy nam havo oqimlari, hafta yakunida (shanba-yakshanba kunlari) Kaspiy dengizi janubidan janubiy siklonlar kirib kelishi va hududlarga yaxshigina yog‘inlar ulashishi mumkin.

Ayni paytda tog‘larda qor ko‘p. Bu ko‘p yillikka nisbatan olinganda tog‘ havzalarida qor eng ko‘pi bo‘lib turgani bilan izohlanadi.

Chorshanba kuni respublikaning markaziy, janubiy va Toshkent, Jizzax, Sirdaryo viloyatlariga bir sutka davomida 15-20 mm gacha yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin. Yog‘inlar asosan yomg‘ir, oxirgi bosqichlarida qor ko‘rinishida yog‘ishi, tog‘ va tog‘ etaklarida qor bo‘ronlari ko‘rinishida bo‘lishi kutilmoqda.

2026 yil fevral oyida O‘zbekiston hududida o‘rtacha havo harorati ko‘p yillik  me’yor atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Shimoliy va tog‘li hududlarda harorat me’yordan biroz past, janubiy va markaziy hududlarda esa me’yordan biroz yuqori bo‘lishi oydinlashmoqda. Oy davomida janubiy viloyatlarda ko‘proq yog‘inlar bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Jahon meteorologik tashkiloti 2026 yil fevral–aprel mavsumida O‘zbekiston hududida havo harorati ko‘p yillik iqlimiy me’yor atrofida yoki undan biroz yuqori bo‘lishini prognoz qilgan. Bahor oylarida barqaror issiq foni shakllanadi. Yog‘ingarchilik asosan me’yor atrofida, tog‘li va janubiy hududlarda biroz ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Шокир Шарипов
Muallif Шокир Шарипов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid