Jahon | 08:39
1804
2 daqiqa o‘qiladi

Xarkivga zarba: shahar va viloyatning 80 foiz qismi elektrsiz qoldi

Mahalliy hokimiyat xabar berishicha, RF hujumidan so‘ng Xarkiv shahri va Xarkiv viloyatining 80 foiz qismi elektr energiyasiz qolgan. Ikki kishi yaralangan. Energetika obektlari, shuningdek maktablar, ko‘p qavatli uylar va bolalar bog‘chasi shikastlangan.

Foto: Sofia Gatilova/REUTERS

Rossiya tomonidan amalga oshirilgan hujum natijasida Xarkiv shahri va Xarkiv viloyatining 80 foiz qismi 27 yanvar, seshanbaga o‘tar kechasi elektr ta’minotisiz qoldi. Bu haqda Xarkiv viloyati harbiy ma’muriyati (VHM) rahbari Oleg Sinegubov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar “Tornado-S” reaktiv yalpi o‘t ochish tizimi va Shahed dronlari orqali amalga oshirilgan. Ikki kishi yaralangan, xususan Xarkivdagi energetika obekti va ikki maktab shikastlangan. Umuman olganda, Sinegubov energetikaga yetkazilgan zararni “ancha jiddiy” deb atadi. “Hozir Xarkiv shahri va viloyatining taxminan 80 foiz qismi elektr energiyasiz, chunki bizda avariyaviy o‘chirish jadvallari amal qilmoqda”, — dedi u.

Xarkivga raketali zarba 26 yanvar kechqurun sodir bo‘lgan. Shahar meri Igor Terexov Telegram-kanalida ma’lum qilishicha, maktabdan tashqari ko‘p qavatli uylar va bolalar bog‘chasi ham zarar ko‘rgan. Shuningdek, metro rasmiy saytida bildirilishicha, “texnik sabablar” tufayli Xarkiv metropolitenining uchta yo‘nalishidan ikkitasida harakat to‘xtatilgan.

Mahalliy aholi suv va issiqlik ta’minoti yo‘qligi, shuningdek elektr qolgan binolarda ham kuchlanish “o‘ynayotgani” (kuchlanish tebranishlar) haqida shikoyat qilmoqda. Bu haqda Ukrainadagi “Strana.ua” internet-nashri mahalliy Telegram-kanallarga tayanib xabar bergan.

Shaharga uyushtirilgan oldingi ommaviy hujum 24 yanvarga o‘tar kechasi bo‘lgan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, u qariyb ikki yarim soat davom etgan. Shaharning bir nechta tumanlaridagi ko‘p qavatli uylar, xususiy sektordagi binolar, mahalliy shifoxona va tug‘uruqxona zarbaga uchragan. Terexov bildirishicha, natijada 19 kishi yaralangan.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid