Jahon | 09:32 / 28.01.2026
2762
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya Rossiyaning “soya floti” tankerini qo‘lga olmadi

Ispaniya dengiz qutqaruv xizmati qo‘lga olish o‘rniga Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida bo‘lgan Chariot Tide tankerini manziliga - Marokashning Tanjyer-Med portigacha kuzatib bordi. Kemada dvigatel ishdan chiqqan, avvalroq uni Rossiyada ham ko‘rishgan.

Foto: Getty Images

Ispaniya dengiz qutqaruv xizmati seshanba, 27 yanvar kuni Rossiyaning “soya floti” tarkibiga kiradi, deb taxmin qilinayotgan Chariot Tide neft tankerini uning borish nuqtasi — Marokashning Tanjyer-Med portigacha kuzatib borish operatsiyasini boshladi. Bu haqda Ispaniya Transport vazirligidagi manbalarga tayanib AFP agentligi xabar berdi.

Chariot Tide Mozambik bayrog‘i ostida suzmoqda va noyabrgacha Marabella Sun nomi bilan ma’lum bo‘lgan. U 2024 yil noyabridan beri Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatida turibdi. Tanker nima uchun qo‘lga olinmagani haqida ispan hukumat organlari izoh bermadi.

AFP ma’lumotlariga ko‘ra, 22 yanvar kuni kemaning dvigateli ishdan chiqqan. Tanker “Marokash sohili yaqinida” turgan, keyin esa bo‘ron uni sharqqa surib ketgan. Avval kema Marokash javobgarlik hududiga kirgan, keyin esa Ispaniya qidiruv-qutqaruv ishlari uchun mas’ul bo‘lgan hududda “xalqaro suvlarda harakatsiz” qolgan. Ispaniya tomoni tankerdagi yukning turi va hajmi haqida ma’lumot bermadi.

Kuzatuv platformasi — Global Fishing Watch ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil dekabri oxirida Chariot Tide Leningrad viloyatidagi Vistino neft terminalida turgan, shundan so‘ng O‘rta Yer dengizi tomon yo‘l olgan.

Rossiyaning “soya floti” asosan eski kemalardan iborat bo‘lib, ular g‘arbning sug‘urta va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimlaridan tashqarida ishlatiladi. Shu yo‘l bilan Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli hujumdan keyin joriy etilgan Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini aylanib o‘tadi. Neft savdosidan tushgan daromadlar, jumladan Hindiston va Xitoy kabi davlatlarga arzonroq narxlarda sotishdan olinadigan mablag‘lar ham, urushni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid