Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Netanyahu: G‘azo sektorida Falastin davlati bo‘lmaydi
HAMAS Isroilga so‘nggi garovga olingan shaxsning jasad qoldiqlarini qaytarganidan keyin, Isroil G‘azo sektorini to‘liq demilitarizatsiya qilishga e’tibor qaratmoqda. U yerda Falastin davlatini tuzish haqida gap yo‘q, dedi mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu.
Foto: Nathan Howard / Reuters
Isroil G‘azo sektoridan Falastin davlati tuzilishiga yo‘l qo‘ymaydi, mintaqa demilitarizatsiya qilinib, radikal harakat — HAMAS to‘liq qurolsizlantirilmaguncha esa uni qayta tiklash ishlari boshlanmaydi. Bu haqda Netanyahu seshanba, 27 yanvar kuni ma’lum qildi. U Isroil Iordan daryosidan to O‘rta Yer dengizigacha bo‘lgan butun hudud ustidan, jumladan, G‘azo sektori ustidan ham nazoratni saqlab qolish niyatida ekanini ta’kidladi.
“Men allaqachon demilitarizatsiyadan oldin G‘azoni qayta tiklashga ruxsat beramiz, degan bayonotlarni eshityapman. Bu bo‘lmaydi. Men turk va qatar askarlarini G‘azoga joylashtirmoqchi ekanimiz haqida ham eshitdim. Bu ham bo‘lmaydi. Men G‘azoda falastin davlatini tuzishga yo‘l qo‘yaman, degan gaplarni ham eshityapman. Bunday narsa bo‘lmagan va bo‘lmaydi”, — deya Netanyahudan iqtibos keltiradi The Times of Israel.
Isroil bosh vaziri 26 yanvar kuni so‘nggi garovga olingan shaxs — 24 yoshli Ran Gvilining jasad qoldiqlari qaytarib olinganidan so‘ng, Isroil asosiy e’tiborni HAMAS qurol-yarog‘ini yo‘q qilish va G‘azoni demilitarizatsiya qilishga qaratayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonga, jumladan, jangchilar qazib qo‘ygan tunnellarni yo‘q qilish ham kiradi. Netanyahuning aytishicha, bu “oddiy yo‘l bilan ham, murakkab yo‘l bilan ham” amalga oshiriladi, ammo “har qanday holatda” ro‘y beradi.
Yaqin Sharqdagi vaziyat 2023 yil 7 oktyabr kuni keskin yomonlashdi. Yevropa Ittifoqi va AQShda terroristik tashkilot deb tan olingan HAMAS Isroilga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Jangchilar Isroilga ommaviy raketa zarbalari berdi, mamlakat hududiga bostirib kirdi va taxminan 1200 kishini o‘ldirdi. Shuningdek, jangchilar taxminan 250 nafar garovga olingan shaxsni asir olib, G‘azo sektoriga olib ketgan. Garovdagilarning bir qismi almashuv yoki ozod qilish yo‘li bilan qaytarilgan, bir qismi halok bo‘lgan.
Javob tariqasida Isroil HAMASga qarshi urush e’lon qildi. G‘azo sektoridagi quruqlik amaliyoti va bombardimonlar natijasida 71 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, yana taxminan 170 ming kishi yaralangan.
2025 yil oktyabr oyida Isroil hukumati va HAMAS AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati ishlab chiqqan tinchlik rejasi asosida o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi. Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuv bajarilishiga AQSh, Turkiya, Qatar va Misr kafil bo‘ldi. Birinchi bosqichda HAMAS tirik qolgan isroillik garovga olinganlarning hammasini qaytardi, evaziga Isroil qamoqxonalaridan falastinlik mahbuslar ozod qilindi.
Yanvar oyi o‘rtalarda Oq uy Trampning G‘azoda harbiy harakatlarni yakunlash rejasining ikkinchi bosqichi boshlanganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, “Tinchlik kengashi” va unga hisobdor Milliy qo‘mita tuzilishi lozim bo‘lib, bu tuzilmalar mintaqa boshqaruvini Falastin milliy ma’muriyati bu vazifani qabul qilib olishga tayyor bo‘lguncha o‘z zimmasiga oladi.
Mavzuga oid
12:50 / 27.01.2026
Tramp: Hamas so‘nggi jasadni topishga yordam berdi, endi qurolsizlanishi kerak
21:02 / 26.01.2026
Isroil G‘azoda garovdagi so‘nggi odamning jasadini topdi va qaytardi
22:44 / 23.01.2026
«Bosh reja bor, "B" reja yo‘q» – AQShning Yangi G‘azo rejasi tafsilotlari
13:29 / 22.01.2026