Jahon | 14:54
2057
3 daqiqa o‘qiladi

Orpo: Rossiya urushni to‘xtatsa, Finlandiya muloqotga tayyor

Finlandiya bosh vaziri Petteri Orpo Moskva bilan muloqotni qayta tiklashga tayyor ekanini, biroq bu faqat Rossiya Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarni to‘xtatsa bo‘lishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Finlandiyaning qo‘shnisi bo‘lgani uchun aloqalarni bir kuni baribir tiklashga to‘g‘ri keladi, ammo hozir emas.

Foto: Iltalehti / Henri Kärkkäinen

Finlandiya bosh vaziri Petteri Orpo Rossiya Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarni to‘xtatsa, Moskva bilan muloqotni qayta boshlashga tayyorligini bildirdi. Hozircha buning iloji yo‘q, ammo bunday holat abadiy davom etmaydi, dedi u dushanba, 26 yanvar kuni kechqurun Iltalehti nashriga bergan intervyusida.

“Rossiya — biz bilan chegaradosh qo‘shni. Albatta, agar ushbu harbiy tajovuzni to‘xtatishga muvaffaq bo‘linsa, ma’lum bir bosqichda aloqa kanallarini ochish kerak bo‘ladi, lekin hozir unday payt emas”, — dedi Finlandiya bosh vaziri.

Orponing aytishicha, zarurat tug‘ilsa, u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham bir stol atrofida o‘tirishi mumkin.

Orpo ta’kidlashicha, Ukrainada tinchlikka erishish masalasidagi olg‘a siljish aynan Putinga bog‘liq. “Finlandiya uchun aniq: urush davom etayotgan bir paytda Rossiya bilan muloqotni qayta tiklash nihoyatda qiyin”, — dedi u. Shu bilan birga, Orpo muloqotni qachon va qay tarzda qayta boshlash masalasi Yevropadagi hamkorlar bilan birgalikda hal qilinishi lozimligini bildirdi.

Siyosatchi ushbu intervyuni Xitoyga safari arafasida bergan. U XXR rahbariyati bilan uchrashuvlarda Ukrainada tinchlikka erishish masalasini ko‘tarishini aytdi, chunki Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi “xavfsizlik sohasidagi eng katta muammo”dir.

“Agar kimdir Rossiyaga ta’sir ko‘rsata olsa, u — Xitoy. Xitoyning urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgani Yevropaning xavfsizligiga, shuningdek Finlandiya xavfsizligi va munosabatlarimizga zarar yetkazmoqda”, — dedi Orpo.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri Finlandiya hukumati Rossiya bilan chegarada xavfsizlik choralarini kuchaytirib kelmoqda. Shuningdek, Finlandiya NATOga a’zo bo‘ldi va boshqa qadamlarni ham tashladi — jumladan, Rossiya fuqarolariga o‘z hududida ko‘chmas mulk sotib olishni taqiqladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid