Finlandiya bosh vaziri Petteri Orpo Rossiya Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarni to‘xtatsa, Moskva bilan muloqotni qayta boshlashga tayyorligini bildirdi. Hozircha buning iloji yo‘q, ammo bunday holat abadiy davom etmaydi, dedi u dushanba, 26 yanvar kuni kechqurun Iltalehti nashriga bergan intervyusida.

“Rossiya — biz bilan chegaradosh qo‘shni. Albatta, agar ushbu harbiy tajovuzni to‘xtatishga muvaffaq bo‘linsa, ma’lum bir bosqichda aloqa kanallarini ochish kerak bo‘ladi, lekin hozir unday payt emas”, — dedi Finlandiya bosh vaziri.

Orponing aytishicha, zarurat tug‘ilsa, u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham bir stol atrofida o‘tirishi mumkin.

Orpo ta’kidlashicha, Ukrainada tinchlikka erishish masalasidagi olg‘a siljish aynan Putinga bog‘liq. “Finlandiya uchun aniq: urush davom etayotgan bir paytda Rossiya bilan muloqotni qayta tiklash nihoyatda qiyin”, — dedi u. Shu bilan birga, Orpo muloqotni qachon va qay tarzda qayta boshlash masalasi Yevropadagi hamkorlar bilan birgalikda hal qilinishi lozimligini bildirdi.

Siyosatchi ushbu intervyuni Xitoyga safari arafasida bergan. U XXR rahbariyati bilan uchrashuvlarda Ukrainada tinchlikka erishish masalasini ko‘tarishini aytdi, chunki Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi “xavfsizlik sohasidagi eng katta muammo”dir.

“Agar kimdir Rossiyaga ta’sir ko‘rsata olsa, u — Xitoy. Xitoyning urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgani Yevropaning xavfsizligiga, shuningdek Finlandiya xavfsizligi va munosabatlarimizga zarar yetkazmoqda”, — dedi Orpo.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri Finlandiya hukumati Rossiya bilan chegarada xavfsizlik choralarini kuchaytirib kelmoqda. Shuningdek, Finlandiya NATOga a’zo bo‘ldi va boshqa qadamlarni ham tashladi — jumladan, Rossiya fuqarolariga o‘z hududida ko‘chmas mulk sotib olishni taqiqladi.