Jahon | 20:28 / 28.01.2026
3150
6 daqiqa o‘qiladi

“Rossiya dastlabki talablaridan bosqichma-bosqich chekinyapti” – tahlilchilar

AQSh vositachiligida o‘tayotgan muzokaralarda asosiy masala Donbass bo‘lib qolmoqda. Tomonlar jarayon ijobiy kechayotganini bildirsa-da, tafsilotlar sir saqlanyapti. Tahlilchilar fikricha, Rossiya dastlabki talablaridan bosqichma-bosqich chekinyapti. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Abu-Dabidagi muzokaralar xususida so‘z yuritdi.

— Ukraina bermasligini aytayotgan, Rossiya talab qilayotgan Donbass masalasi BAAdagi muzokaralardan qanday o‘rin olgan?

Kamoliddin Rabbimov: Muzokaralar mutlaqo yopiq holatda o‘tkazilyapti va tafsilotlari hozircha ochiqlanmayapti. Hatto Ukraina tomoni ham jarayon juda ijobiy kechayotgani va ma’lum muvaffaqiyatlarga erishilganini ta’kidlayapti, biroq bu muvaffaqiyatlar nimadan iborat ekani aniq izohlanmayapti. Bu holat muzokaralarning yopiq formatda olib borilayotganidan dalolat beradi.

Ikkinchi muhim jihat shundaki, ancha vaqtdan beri ilk bor AQSh vositachiligida, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari ishtirokida shunday formatdagi muzokaralar qayta tiklandi. O‘z-o‘zidan bu jarayon muayyan darajada progress sifatida baholanishi mumkin.

Endi Ukraina tomonining asosiy xavotirlariga to‘xtalsak. Masalan, Donbass masalasi bo‘yicha kelishuvga erishilgan taqdirda ham, Rossiya Konstitutsiyasiga kiritib qo‘yilgan boshqa hududlar masalasi ochiq qolmoqda. Ularning maqomini o‘zgartirish uchun Rossiya Konstitutsiyasiga tuzatish kiritiladimi, degan savol mavjud. Agar Konstitutsiya o‘zgartirilmasa, bunday kelishuv amalda imkonsiz bo‘ladi, chunki Putin bunday qadamga borishi ehtimoldan yiroq. Shu sababli Ukrainada Rossiya, aniqrog‘i Putin ma’lum vaqtdan so‘ng ushbu hududlarni qayta qo‘shib olish uchun yana urush boshlashi mumkin, degan xavotir kuchli.

Shu fonda AQShning pozitsiyasi ham bahsli. Qo‘shma Shtatlar asosan Ukrainaga bosim o‘tkazayotgandek taassurot uyg‘otadi, Rossiyaga nisbatan esa bunday bosim deyarli sezilmaydi. Masalan, bir hafta avval Donald Tramp muzokaralardagi asosiy to‘siq Rossiya emas, balki Ukraina ekanini aytgandi. Shunga qaramay, Ukraina tomoni bugungi muzokaralar ijobiy kechayotgani va muayyan natijalar borligini yana bir bor ta’kidlamoqda.

Abu-Dabidagi muzokaralarda Rossiyaning ishtiroki nisbatan past darajada. Ukraina tomonidan muzokaralarda Umerov, Xavfsizlik kengashi va prezident ofisi vakillari qatnashmoqda. Rossiya tomoni esa maqomi pastroq shaxslar bilan cheklanmoqda. Ular orasida FSB yoki tashqi razvedka vakillari borligi aytilmoqda. Biroq ularning siyosiy vazni Ukraina delegatsiyasidagi shaxslar darajasiga teng emas, ya’ni Rossiya vakilligi hozircha ancha past mavqedagi amaldorlardan iborat.

Shuhrat Rasul: Tafsilotli tahlil shuni ko‘rsatadiki, bu yerda yon berayotgan tomon – Rossiya. Moskvaning dastlab Istanbulda ilgari surgan talablaridan deyarli hech narsa qolmadi. Keyingi bosqichda qo‘yilgan shartlar ham bugungi kunda o‘z dolzarbligini yo‘qotgan. Masalan, Rossiya Konstitutsiyasiga kiritilgan to‘rtta hududni, jumladan, hali to‘liq egallanmagan yerlarni ham majburan qo‘shib olish talabi endi amaliy kun tartibida emas. Xuddi shuningdek, demilitarizatsiya talabi ham bugun aktual emas. Ukraina armiyasining qurolsizlanishi yoki kichraytirilishi masalasi mutlaqo real ko‘rinmaydi. Aksincha, urush boshlangan davrga nisbatan Ukraina bugun ancha ko‘p va zamonaviy qurol-yarog‘ga ega. Masalan, yaqinda Avstraliya Ukrainaga 49 dona “Abrams” tankini topshirdi va ular hozir Donbassdagi janglarda ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari, NATO standartlariga mos “Bogdan” nomli mobil artilleriya tizimi Ukrainada ishlab chiqarilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, oyiga 200 ta komplekt ishlab chiqarilmoqda. E’tiborlisi shundaki, Ukraina urush sharoitida nafaqat qurollanishni davom ettiryapti, balki ayrim yo‘nalishlarda qurol eksporti bilan ham parallel shug‘ullanmoqda.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, demilitarizatsiya, denatsifikatsiya, pravoslav cherkovi masalasi, rus tiliga ikkinchi davlat tili maqomini berish kabi talablarning barchasidan Rossiya bosqichma-bosqich voz kechib kelmoqda.

Muzokaralardagi hozirgi dinamika shuni ko‘rsatadiki, haqiqiy kelishuvga erishish uchun Rossiya kelajakda hatto o‘zi egallab olmagan hududlar bo‘yicha ham da’volaridan voz kechishga majbur bo‘lishi mumkin. Boshqa real variant deyarli yo‘q. O‘tgan yili “Putin hech qachon hech narsadan voz kechmaydi” degan fikrlar keng tarqalgan edi. Biroq bugungi vaziyat bu qarashlarning endi aktual emasligini ko‘rsatmoqda. Rossiya har safar oz-ozdan, lekin izchil ravishda pozitsiyalarini yumshatib boryapti.

Yaqinda Kit Kellogg Davosda chiqish qildi. U AQShning general-leytenant unvoniga ega, harbiy vaziyatni chuqur tushunadigan tajribali mutaxassis. Uning bahosiga ko‘ra, Ukrainaga eng muhim vazifa qishni va keyingi taxminan 40 kunlik og‘ir davrni siyosiy barqarorlikni saqlagan holda bosib o‘tishdir. Bu yerda gap harbiy salohiyat haqida emas, balki ichki ijtimoiy-siyosiy barqarorlik haqida bormoqda. Ya’ni sovuq, energetik inqiroz va noroziliklar fonida aholining ko‘chalarga chiqib, hokimiyatni beqarorlashtirib yubormasligi muhim. Agar Ukraina ushbu davrdan muvaffaqiyatli o‘ta olsa, Kit Kelloggning prognoziga ko‘ra, avgust oyiga borib Rossiya armiyasining imkoniyatlari keskin zaiflashadi.

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar Rossiya yangi keng ko‘lamli mobilizatsiya e’lon qilmasa, jangovar salohiyatga ega armiya saqlanib qolmaydi. Natijada urush davom etadigan bo‘lsa, avgustga kelib tashabbus to‘liq Ukraina tomoniga o‘tadi.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов

Mavzuga oid